Sulton otasidan juda erta ayrilgani uchun ro'zg'orning barcha yuki uning bo'yniga tushgandi. O'zi maktabda endigina 4-sinfda o'qir, singlisi esa juda kichkina edi. Peshonalaridagi bittagina sigirning suti kunlariga yarab turardi. Onasi sutning bir qismini uyga olib qo'yar, qolganini mahalladagi kichik bozorchaga olib chiqib sotardi. Yagona daromad manbai shu edi. Yetmaganiga undan-bundan qarz-havola ko'tarib, bir amallab kun o'tqazib yashashardi. Avvaliga, "Sen o'qishing kerak", deb, ishlatmagan onasi, keyinroq, qarz berganlar eshik qoqa boshlaganida ming hijolat bilan Sultonning ishlashiga ruxsat berdi. Sulton o'shanda 6-sinfga o'tib, yoshgina boshiga nisbatan anchagina ulg'ayib qolgandi. Shu yosh holida ham, otasining o'rnini butkul to'ldirish imkonsizligini bilsa-da, oyisi, singlisinining yaxshi yashashi uchun harakat qilishi kerakligini tushunardi. Avval sinfdoshi, yaqin o'rtog'i Murod bilan bozorlarda odamlarning yukini ko'tarishib choychaqa ishlab yurishdi. Keyinroq o'zlaridan yoshi katta bo'lsa-da, o'rtoq bo'lib ketgan Nozimning taklifi bilan ularning uyida dadasi Qosim akaga qarashib, nonvoylik qila boshlashdi. Qosim aka otasiz katta bo'lish qanaqa bo'lishini bilganigami, o'g'lining do'stlariga mehr, oqibatini ko'rib iyib ketibmi, xullas bu ikki yigitchani bajonidil qabul qilib, o'z o'g'illaridek ko'ra boshladi. Sulton uyda Qosim akaga non pishirishda yordamlashar, Murod esa, ularni aravachaga joylab, bozorda sotib kelardi. Qosim aka ularga yaxshigina xaq to'lab, kuniga 4-5ta non ham berib yuborardi. Oradan vaqt o'tib, Sulton oilasining moddiy ahvolini ancha o'nglab oldi. Qarzlardan birin-ketin uzilib, singlisining ham hech narsaga muhtoj bo'lmay o'qishini ta'minladi.
Bir kuni Qosim aka tushlik ovqatdan keyin o'rnilaridan turib, ishga kirishmoqchi bo'lgan Sulton va Murodni o'tirishga undab, gap boshladi.
—Bolalarim, mana, ikkingiz ham katta yigit bo'lib qoldingiz, ro'zg'oringiz ham ancha but, kam-ko'sti bo'lsa, men borman.
Sulton va Murod bir-birlariga qarab olib, jim bo'lib qolishdi.
—Endi, buyog'iga o'qishga kirishsangiz ham bo'ladi. 2yil o'qishdan qolib ketgan bo'lsangiz ham, zehnli bola ekanliklaringizni bilganim uchun, astoydil kirishsangiz, tengdoshlaringizga yetib olishingizga ishonaman. O'qinglar, katta odam bo'linglar. Qolganidan xavotir olmasangiz ham bo'ladi, ro'zg'oringizga o'zim qarashib turaman.
Murod tabiatan ancha kamgap, biroz tortinchoq bo'lgani uchun jim o'tirardi. Sulton ikkovlarining o'rniga javob berdi.
—Qosim amaki, shusiz ham bizga ko'p yaxshiliklar qildingiz, butun umr minnatdormiz sizdan. Vaqti kelib hamma yaxshiliklaringizni qaytaramiz, nasib bo'lsa.
Qosim aka uning gapini bo'ldi.
—Qaytaramiz deganing nimasi? Qaysi ota farzandi qaytarsin, deb yaxshilik qiladi?! O'g'lim, ikkalangizni ham Nozimdan kam ko'rmayman. Shuning uchun u o'qib, sizlar ishlayotganingizga vijdonim qiynalyapti.
—Rahmat, amaki. Biz ham kecha shu haqida gaplashgandik. Ochig'i, ikkalamizning ham o'qigimiz yo'q endi. Ancha kech bo'lgan, deb o'yladik. Bizning o'rnimizga ham Nozim o'qisin, shuning o'zi yetadi.
—Mayli, o'zingiz bilasiz, lekin bir narsani rad qilishga xaqqingiz yo'q. Meni yaxshi ko'rsangiz, hursand bo'lishimni xohlasangiz, qabul qilasiz.
—Nima, amaki?
—Shu desangiz, mahallamiz boshida kichkina do'koncha ochgandim, xabaringiz bor. Mendan keyin Nozim boshqarsin, degan niyatda. Endi esa, o'g'lim 3ta bo'ldi. Qolaversa, Nozimning o'qishi bitgunicha ancha bor. Shu do'konchani sizlar yuritasizlar. Savdo-sotiqda pishiqsizlar, qolgan narsalarni o'zim o'rgataman asta-sekin.
—Amaki...
—Aytdim, meni yaxshi ko'rsangiz, deb. Bo'lmasa, o'zingiz bilasiz,—Qosim aka o'zigagina yarashadigan nimtabassum bilan bolalarga qarab turardi,—yo meni yomon ko'rasizlarmi?
—Mayli, Nozim o'qishni bitirgunicha ishlab turamiz. Bitirib kelganida o'zi ishlayveradi. Rahmat, amaki. Sizni juda ham yaxshi ko'ramiz.
—Mana bu yigitning gapi bo'ldi. Qani, endi turdik, odamlar nonimizni kutib qolishmasin a?
Qosim aka dasturxonga fotiha tortib, o'rnidan turdi. Bolalar ham turib, ishga kirishib ketishdi.
Ertasi kundan boshlab Sulton va Murod do'konga bora boshlashdi. Avvaliga, do'kon sotuvchisdan oldi-sotdi, muomala madaniyati va boshqa narsalarni o'rganib yurishdi. Keyinchalik Qosim akaning o'zi ularga savdo-sotiqning nozik sirlarini o'rgatdi. Tengdoshlari maktabni bitirib, oliygohlarga hujjat topshirib yurishganda bu ikki yigit do'konni to'laligicha o'z boshqaruvlariga olishgandi. Endi ikkovlarining ham topishlari yaxshi, ro'zg'orlari ham but edi. Mahalla ahli ham bu ikki bo'z yigitning halolligi, shirinso'z-u, to'g'ri amalliligi uchun ularga mehr qo'yib, nuqul alqab duolar qilishardi.
Nozimning o'qishi bitadigan yili Murodning onasi qattiq betoblanib qoldi. Shifokorlar "Bizda hali bu kasallikni davolash uchun yetarli tajriba ham, sharoit ham yo'q, chet elda davolash kerak", deyishdi. Murod onasini davolatish uchun Moskvaga olib ketdi. Sulton ishlarga qarab shu yerda qoldi. U Nozimning o'qishi bitishiga oz qolgani sayin, garchi, Qosim aka hech narsa demasada, do'konni Nozimga berish kerakligini, o'zlariga boshqa ish topishlari kerakligini ko'p o'ylardi. O'ylab-o'ylab, mahalla chetidagi tashlandiq bog'cha ichidagi binoni, uning atroflarini ta'mirlatib, epaqaga keltirdi. Ko'rgan ko'zni quvontiradigan bog', odamning havasini keltiradigan bino bitgach, shu yerda mahalla ahli uchun choyxona ochdi. Sulton allaqachon ko'pchilikning hurmatiga sazovor bo'lgani uchun, mijozlari ham tezda ko'paya boshladi. Hatto, qo'shni mahallalar-u, tumanning turli joylaridan ham mijozlar kela boshladi.
Bu orada Nozimning o'qishi bitib, qaytib keldi. Sulton Qosim akaga aytib, yo'q deyishiga qaramay, do'konni Nozimga berdi. Qosim aka ham ko'p qistamadi, Sultonning o'zi boshlagan ishlari ham yurisha boshlaganini ko'rib, rozi bo'ldi.
Murodning onasi Moskvaning eng tajribali shifokorlari muolaja qilishiga qaramay, tuzala olmadi. Hastalik o'tib ketgan ekan. Moskvadan qaytib kelib, onasini oxirgi yo'lga kuzatgach, Murod butkul boshqa odamga aylanib qolgandek edi. Endi uni pul, boylik degan narsalar qiziqtirmas, nihoyatda kamgap va bir oz jizzakiroq bo'lib qolgandi. "Boylikning ozgina bo'lsa ham foydasi bo'lganida, onamni saqlab qolardim", deb o'ylardi. Sulton qanchalik qistamasin, Murod yangi choyxonada sherikchilikda ishlashni istamadi. "Nima qilsang qil, nima desang de, menga onamning hayotini saqlab qololmagan boylik kerak emas", dedi. Sulton do'stining fe'lini yaxahi bilgani uchun boshqa indamadi. Oradan bir necha kun o'tib, Murod ancha o'ziga kelib qolganidagina bir amallab hech bo'lmasa, yordamchi-boshqaruvchi bo'lishga ko'ndirdi. "Bunday yurib bo'lmaydi, ishlar bilan o'zingni chalg'itib yurmasang, biror hastalik orttirib olishing ham hech gap emas", dedi. Ular yana avvalgidek birga ishlay boshlashdi. Oradan vaqt o'tib, choyxona hududini ham kengaytirishdi. Ishning har qanday mayda tuyulgan qismiga ham qattiq e'tibor berishganidan, xizmatchi yigitlarni ham saralab, har tomonlama tayyorlarinigina ishga qabul qilishardi.
O'qishdan qaytganining ikkinchi yili Nozim uylandi. Oldin deyarli har kuni choyxonaga kelib, ukalari, do'stlari bilan gurunglashib ketishni odat qilgan Nozim, to'yidan keyin o'zidan, ro'zg'oridan ortmay qoldi. U ham endi ishining ko'lamini kengaytirib, tumanning turli joylarida bir nechta do'konlar ochdi.
Bir kuni Sulton odatdagidek, choyxonada mahalla keksalari bilan suhbatlashib o'tirganida qo'shni mahalladan bo'lgan bir kishi keldi.
—Assalomu alaykum, yaxshimisizlar? Shahrga ketayotgandim, bir piyola choy ichib ketay, degandim.
—Keling, aka, keling. Istasangiz, shu yerga o'tiring, nima buyursangiz shu yerga olib kelib berishadi, otaxonlar bilan suhbatlashib o'tirasiz.
—Yaxshi bo'lardi, o'zim ham rosa to'lib turgandim.
U ko'p ham tortinib o'tirmadi. Dasturxonga fotiha tortilgach, o'zi haqida, shaharga nega ketayotgani haqida so'zlay ketdi. Aytishicha, 3kun oldin kechasi peshonasidagi bittayu-bitta sigirini o'g'irlab ketishibdi. Qidirmagan joyi, murojaat qilmagan idorasi qolmabdi. Shaharga esa, mol bozoriga, sigirimni tanib, topib olarmikinman, degan umidda o'g'irlangan kundan beri har kuni qatnayotgan ekan. Tabiatan nohaqlikka chiday olmaydigan Sulton bularni eshitib, unga taskin berdi -da, uzr so'rab o'rnidan turib, xonasiga kirib ketdi. Avzoyini ko'rgan Murod ortidan kirdi.
—Tinchlikmi? Nima bo'ldi?
—Murod, biz taraflarda qachondan o'g'ri paydo bo'lib qoldi? Nega nochor oilalarning moliga ko'z olaytirishadi-yu, biz hech nima qilolmaymiz?
—Nima ham qila olardik, bu ishni qiladigan organ hodimlari borku.
—Murod, bu jinoyatchi zoti militsiyaga tutqich bermaslikning ming bir usulini biladi. Ular bilan o'zlarining uslubida kurashish kerak! Shunday qilaylikki, bu g'alamislar qayoqqa qocharini bilmay, qo'limizga tushaverishsin! Shunday qilaylikki, nomimizni eshitiboq, bu zo'ravonlar tum-taraqay bo'lishsin!
—Nimalar deyabsan o'zi? Nima qilmoqchisan?
—Nahotki, tushunmayabsan?!
—Tushunib turibman, lekin bu ish shoshma-shosharlik bilan qilinadigan ish emas.
—Men ham hoziroq borib hammasining kallasini olamiz, deyayotganim yo'q, o'ylaylik, nima qila olishimiz-u, nimaga qurbimiz yetmasligini aniqlab olaylik.
—Rosti, bu mushtumzo'rliklar mening ham xiqildog'imga kelgandi. Ma'qul, bo'lmasa. Men yaxshilab o'ylab ko'ray.
—Javobingni kutaman. Endi, ishimizni qilsak-a?
—Ho'p, xo'jayin, mana, ketyabman.
Ikkovlari baravariga kulib, bir-birlarining qo'llarini qattiq siqib olishdi. Ayni damda havfli, har qadamda ajal ta'qib qiladigan hayotga kirish ostonasida turganliklarini, o'zlarini qanday sarguzashtlar-u, qiyinchiliklar kutayotganini xayollariga ham keltirishmasdi. Chindan ham, keyinchalik bu ikki ayrilmas do'stlarning hayotlarini o'zgartirib yuboradigan qaror aynan shu kuni qabul qilingan edi...
Бу блог орқали қандай мавзуни ёритишим, нима ҳақида ёзишимни, рости, ҳали ўзим ҳам билмайман. Шунчаки, Бир кўнгилдан бошқа кўнгил(лар)га йўлланган Мактуб деб қабул қилгайсиз...
суббота, 1 апреля 2017 г.
Qasos. 3-qism
Подписаться на:
Комментарии к сообщению (Atom)
Комментариев нет:
Отправить комментарий