пятница, 7 апреля 2017 г.

Qasos. 4-qism.

     Sulton tuzgan rejasi puxtaligiga ishonchi komil bo'lsa-da, ichida birozgina xavotiri ham yo'q emasdi. U guruh sifatidagi dastlabki urushidayoq mag'lub bo'lishni istamagani, buni haddan tashqari ko'p o'ylayotgani uchun rejani qayta-qayta ko'rib chiqar, yana bir necha favqulodda rejalar ham tuzib qo'yardi. Murodga har ko'zi tushganida "Yigitlarga tayinladingmi?", deb so'rashni kanda qilmasdi. Murod ham buni juda yaxshi tushunar, o'zi ham Sulton bilan deyarli bir xil hislarni boshidan o'tkazayotgandi. Nihoyat, kutilgan o'sha yakshanba kuni keldi. Sulton negadir bugun ancha xotirjam edi. Choyxona xizmatchilarining maxsus kiyimini kiyib olib, bir-ikki notanish mijozlarga xizmat ham qilib ko'rdi. U bugungi ishda g'olib bo'lishiga endi umuman shubha qilmasdi.
     Tushlik vaqti o'sha, Boboy laqabli yigit xabar olgani keldi.
     —E, aka, keling-keling, usta akamlar, qolganlar ko'rinishmaydi?
     —Hozir kelib qolishadi, men o'tib ketayotgandim, bugun ziyofatning quyug'i borligini eslab, ko'rib ketay, kayf-u safoni qayerda qilishimizni, dedim.
     —Zap ish qilibsiz, keling, qolganlar kelgunicha bir piyola choyimiz bor, yoki xonaga kirib turaverasizmi?
     —Yo'q, ketaman,—shunday deb, Sultonni qo'lidan ushlab o'ziga yaqinlashtirib, sekin so'radi—parilar yo'qmi?
     —Ularni aralashtirib nima qilasiz, aka? Qo'ysangizchi.
     —Yo'q bo'lsa, o'zimiz olib kelamiz. Qizlarsiz ziyofat tatirmidi?
     Sulton rejalari buzilib ketishini o'ylab, qancha qaytarishga harakat qilmasin, Boboy deganlari shuncha qattiq turib olar edi. Oxiri "Ho'jayindan baloga qolaman, bizda mumkin emas", deb qutuldi. O'ylashi bo'yicha Murod ho'jayin sifatida o'rtaga tushib, ruxsat bermasligi kerak edi. Lekin qizlar desa, o'zini tomdan tashlashga tayyorligi ko'rinib turgan bu axmoq sira ko'na qolmasdi.
     —Bir kun ming kun emas, pulini ikki barobar beramiz,—deb chiqib ketdi.
     Sulton va Murod u ketgach, bir-birlariga qarab qolishdi. Birinchidan, rejada, hatto, Sulton har ehtimolga qarshi tuzib qo'ygan favqulodda rejalarda ham bu narsa yo'q edi. Ikkinchidan, ishlaridan guvoh qolishi, qolib ham, pul uchun borini sotadigan fohisha qizlar guvoh bo'lib qolishi ularni o'ylantirib qo'ydi. Murodga qolsa, fohishalarni ham qo'lga olib, ularni ham yo'q qilishdan toymasdi. Sulton esa, bunday qilolmasdi. Uning uchun ayol kishiga, hatto, u dushman bo'lsa ham, kuch ishlatish isnod edi. Aksiga olib, yangi reja tuzish uchun ham juda kam vaqtlari qolgandi. Sulton o'ylab, bir qarorga kelib Murodga buyurdi:
     —Militsiyaning formasini topinglar! Ularni formada bosamiz.
     Sulton tabiatan yetakchilik xarakteriga ega edi. So'zini o'tqaza olardi. Bo'lmasa, birovga so'zini o'tqazish uchun kuch ham ishlatmaydi. Shunday ohangda gapirardiki, savollarga o'rin ham qolmasdi. Unga e'tiroz bildirishga faqat Murod jur'at qila olardi. Hozir ham ahunday bo'ldi.
     —Nima deyayotganingni bilasanmi? Qayerdan topamiz?
     —Bilmayman, istasangiz, biror militsionerning uyiga tushing, istasangiz, mahkamaga borib o'sha yerda favqulodda operatsiya o'tkazing, nima qilsangiz ham 2soatda olib keling!
     —Qonunbuzarlarni ushlash uchun qonunni buzamizmi?
     —Murod, meni hech kim tushunmasa ham sen tushunishing kerak. Sen tushunmasang, qolganlardan nima kutay? Endi biz uchun qonuniy-noqonuniy degan gap yo'q! Xaq bor, noxaq bor! Halol bor, xarom bor! Adolat bor, zulm bor! Tanlash imkoniyatimiz faqat shularning o'zi bilan cheklangan. Maqsadimiz qonunni himoya qilish emas, buni bizsiz ham eplaydiganlar bor. Maqsadimiz— jamiyatni, xalqni adolatsizliklardan muhofaza qilish! Biz davlat emasmiz, biz— Millatmiz!
     Murod bu gaplarni eshitib, do'stining oldida hijolat bo'lib jim bo'lib qoldi.
     —Endi ishga kirishinglar, vaqt juda ham oz! Xato qilishga ruxsat yo'q.
     Oradan ikki soatdan oshiqroq vaqt o'tgach, Murod boshliq bir necha yigitlar ishni ortig'i bilan eplab, Sultonning yoniga qaytishdi. Sulton "Barakalla!", deb har birlarining yelkalariga qoqib qo'ygach, rejani tushuntira boshladi.
     —Murod, sening vazifang o'zgarmaydi, xo'jayin sifatida seni tanishgan. Mardon, Umar, Ali, sizlar formani kiyib, belgi berishimizni kutasizlar. Yana bir-ikki sherik qo'shib olinglar, har ehtimolga qarshi. Ular fuqaro kiyimidagi hodim bo'lishadi. Rejaning qolgani o'zimda qoldi. Bir narsani esingizdan chiqarmang. Otishma bo'ladigan bo'lsa, avvalo joningizni ehtiyot qiling, lekin bu qo'rqoqlikka o'xshab qolmasin! Murod sizlarga kimni o'ldirish mumkin emasligini ko'rsatadi. O'shanisi tiriklay kerak, qolganlari bilan ishimiz yo'q. Qani, endi boringlar, Xudo yuzimizni yorug' qilsin!
   Yigitlar chiqib ketishlari bilan choyxona darvozasi oldiga 4ta mashina kelib to'xtadi. Ulardan birida to'rt nafar qiz o'tirishardi. Odatdagidek, avval Boboy tushib, ichkariga kirdi.
     —Keling, aka, kutib ko'zlarimiz to'rt bo'ldi-ku.
     Sulton mashinalarga qarab olib, Boboyga sekin gapirdi.
     —Aka, shu qizlar kelishganiga ko'nglim g'ashroqda. O'zi qizlar aralashgan ish nuqul falokat bilan tugaydi.
     —Sen cho'chima, biz katta odamlarmiz. Bizning falokatimiz yo'q. Biz falokat keltiruvchilarmiz.
     Shunday deb, Boboy go'yoki o'ta bir falsafiy gap aytgandek, gapi o'ziga yoqib ketib miriqib kulib oldi. Keyin tashqariga chiqib, sheriklarini xonaga boshlab kirdi.
     —Aka, qo'riqchi yigitlar ham kirishsa bo'lardi, e'tiborni tortishmagani yaxshi. Alohida boshqa xona ham tayyorlab qo'yganmiz.
     —Yaxshi, ular ham dam olaqolishsin.
     Boboy xotirjamlikka berilib havfsizlikni ham esiga olmay qo'ydi. Barcha "mehmon"lar kirib joylashib, maishatni boshlab yuborishdi. Xizmatchilar ichkariga bemalol qatnab, dasturxon kam-ko'stiga qarab turishdi. Asosan, aroq ustma-ust kirib turardi, bir zumda hammalari shirakayf bo'lib qolishgandi. To'rt qiz xona o'rtasida ehtirosli harakatlar bilan behayo raqsga tushishni boshlab, ularning xayollarini butkul o'g'irlashgan vaqt Sulton Murodga "vaqt bo'ldi!" ma'nosida ishora berdi. O'z navbatida, Murodning ishorasi bilan ko'chaga qaragan xonaning chirog'i ikki marta o'chib yondi. Bu tashqarida fursat poylayotgan "militsiya hodimlari" uchun ishora edi.
     Biroz vaqt o'tgach, militsiya mashinasining sirenasi eshitildi.
     Yig'ilganlar, ayniqsa, Shefning hushi boshidan uchib, kayfi bir zumda tarqab ketdi.
     —Nimlar bo'lyapti?! Bu militsiyaning nima ishi bor bu yerda.
     —Aka, qizlar haqida kimdir xabar bergan ko'rinadi, shunga qarshi. Sizlarku, qutulib ketasizlar, bizga jabr endi. Sizlar shu yerda kutib turinglar men hozir.
     Sulton tashqariga chiqqach, bir daqiqa ham o'tmay, militsionerlar qurol o'qtalib xonaga kirib kelishdi.
     —Joyingizdan qimirlamang!
    —O'rtoq komandir, biz dam olib o'tiribmiz, nega tinchimizni buzyabsizlar?
     —Ovozingni o'chir! Savolni biz beramiz! Qo'lga oling hammasini!
     —Xaqqingiz yo'q! Qaysi qonunni buzibmizki, qo'lga olasizlar?!
     —Bu yerda qo'shmachilik bilan shug'ullanilishi qonun buzilishi emasmi?
     —Unda choyxona egalarini bosinglar! Biz oddiy mijozmiz xolos! Taklif qilishdi, yo'q demadik.
     —Qolganini mahkamada gaplashamiz! Olib chiqing hammasini!
     To'rt qiz olib chiqib ketilgach, xonaga Sulton kirib keldi
     —Qaysi qonunni buzdik, deb so'rayabsanmi? O'zi qanday qonun haqida gapiryabsan?! Sen uchun qonun faqat huquqmi? Majburiyatga kelganda ahamiyatsizmi?
     Shef hang-u mang bo'lib qoldi.
     —Iflos! Kimsan?! Kimga ishlaysan?
     —Men Millatman! Hech kimga ishlamayman! Ishim sendek bezorilarning dumini tugish!
     —Bizni tuzoqqa tushiradigan kuch yo'q! Otinglar hammasini!
     Xonada kichik otishma boshlanib ketdi. Lekin Shefning yigitlaridan faqat bir necha kishi qolgan, boshqalarning qo'li allaqachon qayrilib, kishan solinayotgandi. Shuning uchun uzoq davom etmagan otishma ular tarafdan uch kishi o'lishi bilan tugadi.
     —Boboy! Tashqaridagi yigitlar qani?!
     Xonaga Murod kirib kelib, Sultonga "hammasi joyida", ishorasini qildi. 
     —Baqir-chaqir qilma! Yoningda hech kiming qolmadi. Endi ko'ramiz, orqangda kim bor ekan.
     —Orqamdagilar avlodlaring bilan yo'q qilib yuborishadi! Bittang ham tirik qolmaysan!
     —Kim o'lib kim qolishini ko'ramiz. Afsus, sen ko'rolmaysan-da,—Sulton shunday deb, yigitlariga buyurdi,—olib chiqinglar hammasini!
     Hammalari chiqib ketgach, Murod ikki yigit bilan qaytib kirdi.
     —Hammayoqni tozalab, tartibga keltirib qo'yinglar.
     —Qizlarni nima qilaylik?
     —Men sizlarga tozalab qo'yinglar, dedim. Ular ham ifloslikning bir ko'rinishlari, aslida.
     Murod xonaga kirganida Sulton bamaylixotir choy ichib o'tirardi.
     —Ularni nima qilmoqchisan?
     —So'roq qilib, keyin yo'q qilamiz.
     —Yaxshi, faqat bu yerda emas. O'q ovozini eshitishgan. Istalgan payt bu yerni militsiya bosishi mumkin.
     —Ma'qul, unda boshqa joy top. Bu yaramasni o'zim so'roq qilaman. Ha, aytgancha, bir diktofon ham bo'lsin. Nozimning xotini bu ablahning iqrorini eshitishi kerak.
     Soat tungi 1dan o'tganda boshqa joyga ketishdi. Choyxona huvillab qoldi. Hech kim bu yerda bir necha soat oldin otishma bo'lganligiga ishonmasdi. Mabodo militsiya kelgan taqdirda ham, tashqarining o'zidanoq "noto'g'ri ma'lumot berishibdi"  deb qaytib ketishi hech gap emasdi.
     Tergov Murodning taklifi bilan mahalla tashqarisidagi tashlandiq bino ichida bo'ladigan bo'ldi. Bir zumda Shefning qo'l-oyog'i bog'lanib, katta xona o'rtasidagi stulga o'tqizib qo'yildi. Hamma narsa tayyor, faqat Sulton va Murod kelishi qolgan edi. Ular kelgach, tergov ham darrov boshlandi.
     —Ho'sh, Shef, bir boshdan gapirchi, Nozimni nega o'ldirding? Avvalo aytib qo'yay, gapirsang oson o'lasan. Bo'lmasa, o'limingni so'rab yalinasan! Senda o'liming oldidan hammasini aytib, gunohlaringni yengillatish imkoni bor!
     —Men hech narsani bilmayman. Nozim deganingni ham taniayman!
     Murod ishora bergandi, yigitlardan biri Shefning yuziga o'xshatib musht tushirdi.
     —Bu eng yumshoq muomalamiz, bilib qo'y. Odamga o'xshab gapir!
     —O'ldirib yuborsang ham tanimayman. Menga buyruq berishdi, bajardim. Bu atroflarni mendan yaxshi biladigan yo'qligi uchun menga berishdi.
     —Kim berdi?
     —Bilmayman. Bir kuni chaqirishdi, suratini ko'rsatishdi, o'lsin, deyishdi.
     —Qayerga chaqirishdi?
     —Ko'zim bog'langan edi. Hech narsa bilmayman. Senga birgina yordamim tegishi mumkin. Shu kunlarda navbatdagi buyruq chiqishini bildirishgandi. Men bilan aloqaga chiqishlari kerak. Qo'yib yuborsang, bu safar hushyorroq bo'lub, joylarini bilib olaman.
     —Afsus, sen o'lmasligi ayb bo'lgan bir kishisan. Sening tirigingdan o'liging bizni ko'proq manzilga yaqinlashtiradi.
     Sulton shunday deb, beliga qistirilgan to'pponchani chiqarib, Shefga to'g'riladi. Xona ichi bir lahza yorishib, o'q ovozi jaranglab ketdi.
     —Murod, buning jasadini Nozim topilgan joyga olib borib tashla. Yigitlar o'sha atrofni sezdirmay kuzatuvga olishsin. Kattalari kuchli bo'lsa, ishoramizni tushunib, qarshimizga chiqishadi...

Комментариев нет:

Отправить комментарий