воскресенье, 28 мая 2017 г.

"Aduvvum-Mubiyn" (Ochiq dushman)

     Muborak Ramazon oyi. Barchamiz 11oy davomida qilgan gunohlarimiz yuvilishi, yangi tug'ilgan go'dakdek gunohsiz bo'lishimiz uchun ajoyib imkoniyat ustida turibmiz.
     "Kim Ramazon oyi ro'zasini ixlos bilan, savob umidida qoldirmay tutsa, o'tgan barcha gunohlari kechiriladi", mazmunida hadis bor. Bu imkoniyat bizga berilishining o'ziyoq aslida Allohning rahmati kengligidan dalolatdir. Bizning ochiq dushmanimiz Shaytoni la'inning kishanlanishi esa, bu imkoniyatdan foydalanishimiz uchun yana bir imkoniyatdir!
     Subhanalloh!
     Shaytonning bandi etilganini sezdingizmi hech, his qildingizmi?! Albatta, ko'zimizga ko'rinmagani uchun sezish mushkuldek tuyuladi. Ammo, yaxshilab e'tibor bersak, buni o'zimizda ko'rishimiz ham mumkin:
     ◆ Ertalab uydan chiqayotib, ba'zan esingizdan chiqib qoladigan "Bismillah"ni aytish esingizdan chiqmadimi?
     ◆ Odamlar bilan muloqot qilayotganingizda tilingiz g'iybat so'zlarni aytishdan bemalol tiyilyaptimi?
     ◆ Birov sizni bexos turtib ketsa, "hoy, falon-falon", deya haqorat qilmay, jimgina o'tib keta olyapsizmi?
     ◆ Savdo qilsangiz, halol qilishga urinyapsizmi?
     ◆ Baland ovozda gapirmaslikka harakat qilyapsizmi?
     ◆ Nomahram qiz-ayollarga ko'z tushganda ko'zingizni bemalol olib qocha olyapsizmi?
     ◆ Foydasi bo'lmagan narsani gapirmay qo'ydingizmi?
     ◆ Jahlingiz chiqqanda ro'zadorligingiz esga tushyapdimi?
     ◆ Ko'nglini og'ritgan, xafalashgan kishingizdan birinchi bo'lib uzr so'rashni xayoldan o'tkazyapsizmi?
     ◆ E'tibor bering-a, ko'proq nimani o'ylayapsiz, orzu-havas tashvishinimi, yoki ro'zangiz buzilmasdan iftorlikka yetib olishnimi?
     Boshqa oylarda bo'lganimizda aksini qilishimiz ko'proq ehtimolga yaqin bo'lgan bu misollar bizga Shaytonning zanjirband etilganini bildirmaydimi? Biz aslida shundaymiz, yil o'n ikki oy davomida shundayligimizcha qolishimiz ham mumkin. Hammasi o'z qo'limizda, zotan, shayton hech kimni qurol tirab majburlay olmaydi!
     Subhanalloh! Yana bir bor, cheksiz Subhanalloh-ki, bizga berilgan har bir imkoniyat uni bajarishimiz uchun qulayliklar bilan taqdim qilinyapti! Bizdan faqat "Labbay, Robbim!" deya bu imkoniyatlardan foydalanish qolyapti xolos. Keling, ochiq dushmanimiz kishanband etilganidan foydalanib qolaylik!
     Barchamizga Mohi Ramazondan gunohlardan poklangan holda chiqishimizni O'zi nasib etsin!
     Assalomu alaykum va rohmatullohu va barokatuh...

суббота, 27 мая 2017 г.

Tavakkul

    —Qizim, yo'q demagin. Yigit juda ham aqlli, esli-hushli ekan. Kelishgangina, topish-tutishi ham yaxshi.
     —Oyi, aytdimku, bo'lmaydi, deb. Men uchun xayrliga o'xshamayapdi. 3kecha istoxora namozini o'qib Allohdan so'radim, biror belgi ko'rganim yo'q.
     —Eeh, qizim-ey. Qanaqa belgi? Nimalar deyapsan o'zi? Sen bir uchrashib ko'r avval. Mayli, yoqmasa, yo'q deb yuboramiz.
     —Alloh men uchun xayrli qilmagan kishi bilan uchrashishimdan nima foyda, oyi? Yo'q deb yuboring, iltimos, bizni ham o'zlarini ham behuda qiynashmasin.
     Dilafruz bekorga bunday ishonch bilan gapirmasdi. Agar xayrli bo'lsa, Alloh belgi beradi, deb qattiq ishonardi. Bunday voqealar oldin ham ko'p bo'lgan: yangi uyga ko'chayotganlarida, hozirgi ishiga  joylashganida... umuman, u har bir ish oldidan Alloh bilan "maslahatlashish"ni kanda qilmasdi. Shu paytgacha noto'g'ri yo'lga tushib qolgani yo'q, bundan keyin ham adashmasligiga qattiq ixlos qilgandi.
                                ***
     —Qizim, kecha kelganlar sal oddiyroq oila ekan, o'g'illari oddiy usta, hunarmand. Birdaniga yo'q deb yuborish noqulay bo'ldi. Nima deysan?
     —3kundan keyin aytaman javobimni, oyi.
     —O'zimga sal yoqmayroq turibdida shu...
      Dilafruz indamadi. Shu kech odati bo'yicha ixlos bilan istixora namozini o'qib, astoydil duo qilib so'radi. O'rniga yotib, uxlab qolgunicha salovatlar aytib yotdi....
                                ***
     —Oyi, anavi hunarmand borku...o'shanga rozilik berib yuboravering...
     —Nimalar deyapsan? Qanday joylardan kelmadiya, sovchilar?! Oddiy hunarmandga beramizmi?
     —Oyi, men Allohga tavakkul qilib qo'yganman, U Zot O'ziga ishonganlarni tashlab qo'ymaydi!
                           ***
     To'y o'tdi. Kuyov bola rizqini halollab topadigan oddiy usta yigit edi. To'ylaridan keyin ishlari yurib keta boshladi, qisqa vaqtda qarzlaridan ham qutuldi. Onasi Dilafruzni o'zgacha ardoqlar, "qutlug'qadam kelinim", deya boshiga ko'tarardi. Vaqt o'tib, birin-ketin fazandlari ham dunyoga keldi. Dilafruz o'zini juda ham baxtli his qilardi. Namozlarida, duolarida, shukr qilishni kanda qilmasdi:
     "Allohim, O'zingga shukr, adashtirmading!"