среда, 22 марта 2017 г.

Qasos. 2-qism

     "Sulton! Sen menga ham do'st, ham ukamdaysan. Sen ham meni akangdek, do'stingdek ko'rsang, bir ish qil!
     —Nima qilay, ayt?! Yoningga boraymi? Qasosingni olaymi? Ko'rasan, hali hammasining dodini beraman! Bittasini ham tirik qo'ymayman!
     —Sulton! Bir ish qil!!!
     —Ayt, nima ish?! To'xta! Nozim! Iltimos! A-a-ayt!!!"
      Sulton cho'chib uyg'ondi. Yuragi gupillab urar, yuzlaridan reza-reza ter oqardi. Biroz vaqt ko'rgan tushi ta'sirida yotdi. Mana, bir necha kunki, do'sti har kecha tushiga kiradi. Nimadir demoqchidek bo'ladi, lekin har safar o'sha gapini ayta olmaydi. Sulton buni Nozim qasos olishga chorlayabdi, deb o'zicha ta'bir qildi. Shu tobda o'zini juda ham ojiz, notavon his qildi. Nozimning qotillarini topish uchun qilgan hamma harakatlari, mana, Nozimning o'limiga ikki hafta bo'lyabdiki, biror natija bermayabdi. Sulton do'stining ruhi bezovta bo'lishi, tushlariga kirishiga ham shu sabab, deb o'yladi. Chuqur uh tortib, joyiga qayta yotdi. Soatga qarasa, tong otishiga hali ancha bor. Endigina 3:00dan o'tgan. Har qancha urinsa ham ko'ziga uyqu kelmagach, turib hovliga chiqdi. Ko'ngil g'ashligi hovlida ham tarqamadi. Oxiri yuz-qo'lini yuvib, yarim tun bo'lishiga qaramay, ishxonasiga otlandi. Ovoz chiqarmay sekingina uydan chiqib, shag'al to'kib tekislangan toshloq yo'l bo'ylab yura boshladi. Hammayoq qop-qorong'u zimiston. Oy taratayotgan zaifgina nur, aksincha, atrofni battar vahimali ko'rinishga solardi. Tungi sovuq shamol daraxtlarning barglarini shitirlatar, ora-orada qayerlardandir tun qushi- ukkining cho'zib sayrashi eshitilib qolardi. Sulton hozir bularning hech biriga ahamiyat beradigan ahvolda emasdi. Xayolida faqat Nozimning qotillarini qanday topish mumkinligi-yu, qanday qasos olsa, do'stining ruhi ham, o'zining ko'ngli ham xotirjam bo'lishi haqidagi javobsiz savollar g'ujg'on o'ynardi. Choyxonaga borish uchun Nozimning uyi oldidan ham o'tilardi. Sulton shu ko'chadan o'tishga allanechuk hijolat bo'ldi. Aylanib, boshqa yo'l bilan yurmoqchi ham ediki, yo'l chetidagi izgirtlar orqasidan qandaydir pichir-pichir ovozlar eshitildi. Sulton sekin yo'lning qarama-qarshi tomonidagi bog'cha ichiga kirib, yashirindi. Butazordan ikki kishi chiqib, sekin yura boshlashdi. Ular Nozimning uyi tarafga qarab yurishardi. Sulton o'zini ko'rishmaganiga ishonch hosil qilgach, bildirmay ortlaridan tushdi. Notanish kimsalar o'zaro janjallashishayotganga o'xshardi. Goh qizishib, ovozlarini ko'tarib yuborishardi. Chala-yarim gaplardan, Sulton ular Nozimning qotillari ekanligi, uydagi kamera yozuvlarini o'g'irlash uchun ketayotganlarini angladi. Ulardan biri ikkinchisini kurakda turmaydigan so'zlar bilan qattiq xaqorat qilar, ikkinchisi esa, indamay yerga qarab ketardi.
     —Sen landovur kameraga qaramaganingda, hozir maishatni quyuq qilib o'tirgan bo'lardik! Kamera turgan tarafda enangni ko'rganmiding? Xo'p, qarabsan, shuni Shefning oldida aytishing shartmidi? Boshqa kun o'zimiz kelib tinchitib ketmasmidik?
     Sulton uchun ularning bu darajada qizishib ketishlari ayni muddao bo'layotgandi. Ular atrofni butkul unutib, hech narsaga ahamiyat berishmasdi. Sulton endi masofani yanada yaqinlashtirib, atigi o'n qadamcha ortda, har ehtimolga qarshi yo'l chetidan kuzatib borardi.  Ular Nozimning uyiga kelishgach, bir zum o'ylab qolishdi. Nozim yashirinib olib kuzata boshladi.
     —Qanday kiramiz?
     —Qanday kirarding, devor oshasan, galvars! Bu ishni tugatib olay, o'zim seni peshonangdan otaman!
     Ular devorning chetrog'iga borib, birin-ketin tirmashib chiqa boshlashdi. Sultonning oldida ikki yo'l qolgandi: ularni shu yerning o'zida qo'lga tushirish yoki chiqishlarini kutib, boradigan joylarigacha kuzatib borib, makonlarini aniqlash. Birinchi yo'lni tanlasa bo'lardi-yu, "Bular kichkina odam, kattalarini qo'lga olaman", deb o'yladi. Lekin Nozimning oilasini ham havfga qo'yib tavakkal qilib bo'lmasdi: bu ikki kimsaning maqsadi videotasvir yozilgan disk bo'lsada, uyda kimdir uyg'onib qolsa, o'ldirib yuborishmasligiga kafolat yo'q edi. Shularni o'ylab, Sulton ham ichkariga kirishga qaror qildi. Ular tushgan devorning qarama-qarshi tarafiga o'tib, hovlining bu boshiga tushdi. Yashirinib olib, ularni kuzata boshladi. "Ishqilib hech kim uyg'onib qolmasin-da". Shunday o'ylar bilan nafasini ichiga yutib turganida, ichkaridan haligi ikki kishi chiqdi. Qo'llarida nimadir ko'tarib olishgan. "Demak, uddalashibdi yaramaslar, endi tezroq chiqib ketishsa, masala hal".
     Shu payt qo'shni hovlidagi it bezovta bo'lib xura boshladi. Avvaliga bir, ketidan yana bir xonaning chirog'i yondi. O'g'rilar ehtiyotkorlikni ham chetga surib, yugurgancha devorga tirmashib, ko'zdan g'oyib bo'lishdi. Sulton ham tezroq harakat qilmasa bo'lmasdi. U ham tushgan devoriga tirmashib, endigina ko'cha tarafga sakrayman, degan edi, orqasidan Nozimning dadasi, Qosim aka baqirib qoldi:
     —To'xta! Hoy, o'g'ri, to'xta, otaman!
     Sulton pastga sakrab, haligi o'g'rilarning ortidan yetib olishga shoshildi...
     Tong otdi. Sulton odatiga xilof ravishda bugun erta turmadi. Tungi havfli sarguzashtdan keyin, uyqusini ocholmasdi. Hovlidan Murodning chaqirgan ovozi eshitildi. Onasi "Hali turmagandiya, hozir uyg'otaman", dedi.  Murod "Ovora bo'lmang, xola, o'zim uyg'otaman", deb, Sultonning xonasiga kirdi.
     —Sulton, tez tur! Zarur gap bor!
     —Nima gap ekan? Ishda gaplashamiz.
     —Boshimni og'ritma, tur dedim! Nimalar qilib yuribsan o'zi?
     Bu gapdan keyin Sulton o'rnidan turib, "hozir", degancha yuvingani kirib ketdi.
     —Men ishda bo'laman, tez bor, uyda gaplashadigan gap emas.
     Sulton yuvinib chiqib, choyxonaga otlandi. Ming xayollar bilan yetib borganida, Murod Sultonning xonasida asabiylashib o'tirardi.
     —Nima bo'ldi, ertalabdan buncha to'polon?
     —Ertalab Nozimning xotini keldi. Seni so'radi. Uydagilariga bildirmay chiqqan ekan, ko'p kutolmadi. Ertaga yana erta tongda chiqaman, dedi.
     —Nima ishi bor ekan? Tinchlikmikan ishqilib?
     —Bilmadim, aytmadi. Lekin nihoyatda asabiylashgan, ko'zlari yig'idan qizarib ketgandi.
     —Tinchlik bo'lsin ishqilib. Yigitlar tayyor turishsin, Nozimni o'ldirganlarning makonlariga boramiz.
     —Nimalar deyabsan? Manzilni qayerdan bilamiz?
      Sulton tunda bo'lgan ishlarni gapirib berdi. Murod bularni eshitib, chuqur o'yga toldi.
     —Bostirib borib, kuch ishlatib maqsadga erishib bo'lmaydi. Aql bilan, aniq bir rejali ish qilish kerak.
     —To'g'ri aytasan. Biror rejang bormi?
     —Yaxshilab o'ylab, bir yo'lini topamiz, ungacha shoshmasak bo'lgani.
     Shu kuni Sulton kun bo'yi g'alati kayfiyatda yurdi. Ertalab Nozimning xotini kelib ketgani uning shundoq ham to'zg'in xayollarini battar chalg'itardi. "Nima bo'lsa bo'ldi, ertaga yana chiqadi, o'shanda bir gap bo'lar", deb o'ylab, uyga ketdi.
     Tuni bilan uxlay olmay, rejalar tuzib chiqqan Sulton tong otmasidanoq yana ishga otlandi. Barvaqt borib olib, Nozimning ayolini kuta boshladi. Nihoyat, u keldi. Sulton uni ko'rib, ko'zlariga ishonmadi. "Qisqa vaqtda shunchalik qarib ketish mumkinimi? Ha, g'am odamni qaritadi, yana ham bu ayolning sabriga qoyil, o'rnida boshqasi bo'lsa, tashlab ketardi hamasini".
    —Keling, kennoyi, yaxshimisiz? Kecha ham kelgan ekansiz yo'qligimda. Kutib ololmay hijolatda qoldim.
     —Sulton aka, siz Nozim akamning do'stlari, ukalarisiz, deb o'ylab yurardim. Shuncha payt sizga suyanib keldik. Ochig'i, endi kimga ishonishni ham, suyanishni ham bilmay qoldim.
     —Nimalar deyabsiz, kennoyi? Ochiqroq gapiring?!
     —Hammasini bilaman. Meni aldashga urinmang. O'z ko'zim bilan ko'rdim. Sizga nega kerak edi o'sha yozuv? Bir odamingizni jo'natgandingiz, bergandim. Endi nega asl nusxasini ham o'g'irladingiz? Izingizni yo'qotish uchunmi? Yaxshi hamki, qaynotam sizni tanimadilar. Shuning uchun o'zim keldim. Sizdan ko'rgan yaxshiliklarimiz haqqi, hech kimga aytmay, o'zingiz bilan uchrashishni istadim. Iltimos, bizni tinch qo'ying! Qaynona-qaynotam shusiz ham og'ir ahvoldalar. Erimni siz o'ldirtirganingizni ko'tara olishmaydi! Yopiq qozon yopiqligicha qolsin, iltimos! Nozim akamning ota-onalariga rahmingiz kelsin.
     —Noto'g'ri tushunibsiz! Nahotki, o'z akamdek bo'lib qolgan odamni o'ldirsam? Nahotki, meni shunchalik pastkash inson deb o'ylasangiz?
     —Nima deb o'ylashimning endi ahamiyati yo'q. Iltimosimni qabul qilasiz, degan umiddaman. Yaxshi qoling, xayr!
     Sulton o'zini oqlab o'tirmadi. Hozir har qanday gap ham yolg'on tuyulaverishini juda yaxshi tushunib turardi. Tezroq ishga kirishib, natija bilan o'zini oqlamasa, boshqa chora yo'qligini his qildi. Kelin chiqib ketgach, Murod ham yetib keldi.
     —Qayerlarda yuribsan? Menda reja bor. Bugunoq ishga kirishamiz!
     —Qanaqa reja?
     —Yo'lda gapirib beraman, ketdik!
     Bir necha soatlardan so'ng bu ikki do'st, ikki qasoskor shahar ko'chalarida yurishardi.
     —Esingda bo'lsin, Murod! Seni ko'rib qolishlari mumkin emas! O'zingni bildirmay kuzat! Buyog'iga yo'limiz ayriladi.
     —Xo'p, lekin juda ham qaltis o'yin boshlayabsan. Ular seni o'ldirib yuborishlari hech gap emas.
     —O'ldirishmaydi, agar shu paytgacha ortlaridan tushganimizni sezishmagan bo'lsa, o'ldirishmaydi. Uyog'i O'ziga tavakkal.
     —Ho'p, o'zingni ehtiyot qil, biror gap bo'lsa, vaziyatga aralashaman, aytib qo'yay!
     Murod shunday deb, qadamini sekinlatdi. Sulton aksincha, tezlashib, ro'paradagi hovli orqasiga o'tdi. Endi shu yerda kimdir chiqquncha kutish kerak. Ko'p kutishga ham to'g'ri kelmadi. O'sha, kameraga qarab qolib, ishni pachava qilgan yigit uy tarafga kelardi. Sulton qadamini bir oz tezlatib, unga "bexosdan" turtilib ketdi.
     —Ko'zingga qarab yurmaysanmi?!
     —Uzr, aka, kechiring. Ko'rmay qolibman.
     —Keyingi safar kechirmayman!
     —Shoshmang, sizni tanidim! Aka, siz ham tanishingiz kerak, esingizdami, men ishlaydigan choyxonaga kelgandinglar. Ammo rosa hijolatda qoldirib ketgan edi ustalaringiz. Bir o'tinglar, chiroyli qilib o'zim kutib olaman.
     —Obbo sen-ey, yurchi, ichkariga. O'sha seni qarzdor qilgan kishi bilan uchrashtiraman.
     —Xursand bo'lardim. Tasodifni qarang, shu yerda turadilarmi?
     —Ha, sen hozi shu yerda kutib tur, men ustamning oldiga kirib, ruxsat so'rab chiqaman.
     Sulton bu landovurning bunchalik oson tuzoqqa tushishini umuman kutmagandi. "Agar qolganlari ham shunga o'xshagan bo'lsa, bekorga cho'chigan ekanmiz. Bostirib kelaversak ham bo'larkan".
     —Qani, kelchi, ichkariga kir. Faqat ehtiyot bo'l, Shefning kayfiyatlari yo'qroq.
     —Unday bo'lsa, boshqa kuni kela qolay, a?
     —Kiraver, Shefimiz oddiy odamlarga yomonlik qilmaydilar.
     Ichkari keng, katta bir xona edi. Katta eshikdan kiraverishda shundoqqina ro'parada "T" shaklidagi ish stoli. Xonaning o'ng tarafi turli jihozlar bilan bezatilgan, chap tarafida esa, burchak shaklidagi mebel va shishavand stol. Shef deganlari ro'paradagi oynaga qarab, kim bilandir telefonda gaplashardi. Sulton xizmatchi yigitning taklifi bilan chap tarafga o'tib, yumshoq mebelning bir chetiga yengilgina cho'kdi. Nihoyat, Shef telefondan bo'shab, ortiga qaradi. Sulton uni darrov tanidi. O'sha, cho'ntagiga pul solib ketgan odam.
     —Kim bu? Nega olib kelding buni?
     —Xo'jayin, bu odam...
     —Aka, men bir choyxonada oddiy xizmatchi yigitman. Esingizdami, o'tgan hafta bizning choyxonaga kelgandinglar. Sizlarga tuzukroq xizmat qilolmagandim. Lekin oxirida uyaltirib, ming hijolatda qoldirib ketgandingiz.
     —Ha, esladim. Ho'sh? Agar pulni qaytarib olib kelgan bo'lsang, kerak emas, ketaver,— aftidan, telefondagi suhbat uning kayfiyatiga yaxshi ta'sir qilgandi, hazillashib gapirardi.
     —Yo'q, aka, sizga rahmat aytishni xohlagandim, keyin... biror kunni belgilab borsangiz juda ham xursand bo'lardik. O'shanda qarzdor bo'lib qolganman. Biz tarafning yigitlari oriyati kuchli yigitlar. Qarz bo'lish biz uchun isnod.
     —Shunday de. Ho'sh... Boboy, nima deysan, boramizmi?
     —Albatta, ho'jayin. Shunday taklifga yo'q deb bo'ladimi?
     —Sen bo'lasanu, ziyofatga yo'q deysanmi?— shunday deb, Sultonga yuzlandi— mayli, yakshanba kuni kech soat 4-5larda boramiz.
     —Rahmat, faqat bir narsa iltimos qilmoqchi edim. Ishlaringizga aralashish niyatim yo'gu, yana hijolat bo'lib qolmaslik uchun aytyabman, ishdagi tashvishlarni qo'yib, maza qilib o'tirib ketsanglar, bemalol xizmat qilsak..
     Shef deganlari kulib yubordi.
     —Yaxshi bola ekansan. Ho'p, kelishdik. Boboy, bu odamni kuzatib qo'y. Choyxona xarajatlarini berib yubor.
     —Yo'q aka, kerakmas.
     —Sen xizmat qilib ham qarzingdan qutulasan, bir miriqib gurunglashganimiz qoladi.
     Sulton Boboy laqabli xizmatchi kuzatuvida tashqariga chiqqanida, Murod uy atrofida o'ralashib yurardi. Aftidan, Sulton chiqavermaganiga xavotir olib, ichkariga kirmoqchi edi. Ularni ko'rdi-yu, kishi bilmas ortiga burilib, tez tez yurib ketdi.
     Yigit Sultonni kuzatib, o'zi boshqa yo'l bilan ketdi. Sulton bu yerlardan uzoqlashib, hech kim kuzatmayotganiga ishonch hosil qilgach, ortidan kelgan Murodning mashinasiga o'tirdi.
     —Namuncha, qolib ketding? Senga biror nima qilishgan bo'lsa, hammasini peshonasidan otaman, deb kirmoqchi bo'lib turgandim. Omadlari bor ekan.
     —Mashinani tezroq hayda. Bu yerlardan ketaylik tezroq. Seni men bilan ko'rishsa, ish pachava bo'ladi.
     Sulton Murodga hammasini aytib berdi. Barini eshitgan Murod, "Bu odamlar axmoq ekanku, cho'chib yurganimizni qara", deb yubordi.
     —O'rtoq, biz endi katta ishga kirdik. Ehtiyot bo'laverish kerak. Bu axmoqlar orqalarida kattaroq homiylari, tog'lari bo'lmasa, bunday bemalol odam o'ldirish tugul, bir qadam ham bosisholmaydi. Bularni qopqonga tushirsak, balki ertaga kattalari bilan urishishga to'g'ri kelar? Bilmaymiz. Lekin bir narsa aniqki, bizga endi ortga yo'l yo'q. Yigitlarga rejani tushuntir, ehtiyot bo'lishni tayinla. Birinchi ishdanoq yutqazishni xohlamayman. Qani, endi tezroq hayda, aravangni. Achchiqqina choy ustida bir gurunglashaylik.
     —Ho'p bo'ladi, xo'jayin.
     Mashina o'qdek uchib borarkan, ichidagi ikki mard o'g'lonning xayolida bir narsa edi:
     "Chindan ham, ortga yo'l yo'q! Kerak bo'lsa, kattalarini ham yo'q qilamiz!"

пятница, 17 марта 2017 г.

Qasos. 1-qism

     Tong. Sulton odati bo'yicha erta turib jismoniy mashqlarini bajargach, onasiga "Nonushtani ishda qilaman, ketdim", deganicha shoshib chiqib ketdi. Mahallaning bir chekkasida mo'jazgina choyxonasi bor. Kuni o'sha yerda o'tadi. Aslida, borib yurmasa ham, jilla qursa shoshmasa ham bo'ladi. Yordamchisi, bolalikdan birga katta bo'lgan do'sti Murod hammasini o'zi eplaydi. Sultonning qiladigani— keldi-ketdini kuzatib, mahalla ahlining muammolariga quloq tutib o'tirish.
     Ishga kelganida Murod allaqachon shu yerda, shoshib u yoq- bu yoqqa yurardi. Salomlashib, hol-ahvol so'rashgach, Sulton:
     —Ha, tinchlikmi, halovating yo'q?— deb so'radi.
     —Tinchlik, kecha shoshilinch buyurtma olgandim. Bugun soat 16:00larga katta xonani tayyorlab qo'yish kerak. Hozirgina mahsulotlarni tashlab ketishdi. Sen bilan mening jonimdan boshqa hamma narsa bor o'ziyam.
     —O'h-ho', zo'rku. Kim ekan, bilmadingmi? Bizning mahalladan emas shekilli?
     —So'radim, aniq-tiniq biror nima deyishmadi. Gap-so'zlari ham qandaydir boshqacha, bu yerlik emas.
     —Mayli, kelaverishsin-chi. Hammasiga o'zing bosh-qosh bo'l. Eng chaqqon yigitlar xizmat qilishsin.
     —Ho'p, xojayin, ho'p.
     —Xo'jayinmish, xo'jayin o'zing-ku, men bu yerda kimman? Oddiy qo'riqchi, xolosku,— shunday deb Murodning yelkasiga sekingina mushtladi-yu, kulganicha asosiy, kunlik mijozlar qabul qilinadigan maydon tomon yurdi.
     Maydondagi bir supada 4-5 qariya choy ichib o'tirar, aftidan, Bomdod namozidan chiqib to'g'ri shu yerga kelishgandi. Sulton salom berib, qatorlariga qo'shildi.
     —Kel, bolam, eh, seni yoshingga qaytib qolsam edi-yu, shu nomardlarni kunini ko'rsatardim-a, huddi.
     —Haliyam yigitdaysiz, ota, qo'yib bersa 3-4 polvonning kuragini yerga tekkizasiz hali. Tinchlikmi, qaysi nomardlar haqida gapiryabsiz?
     Qariyalar biri qo'yib-biri olib vaziyatni tushuntira ketishdi.
     —Mahallamiz do'konchisi Nozimboy borku? O'shaning ustidan shikoyat tushibdi. Kim shikoyat qilgan— birorta nomard shikoyat qilgan. Nomard bo'lmay kim?!
     —Halol yigit edi, biror bir qing'ir ish qilganini bilmayman.
     —Ha, darxaqiqat, nimaga erishgan bo'lsa, peshona teri bilan, halol erishdi. Endi, har yaxshining bir dushmani bo'ladi-da. Kim ko'p, hasadgo'y ko'p.
     —Tog'a, nima bo'libdi Nozimga, shundan gapiraqoling endi?
     —Kechasi uyidan olib chiqib ketishibdi. Yaqinda uylangandi. 4-5 oy bo'lib qoldi-yov, a Nurmamat?
     —Bo'lsa bordir, esimda qolibdimi?! Qiziqsan-ey.
     —To'yini bilaman, esimda, kim olib chiqib ketibdi axir?!
     —Kim bo'lardi, melisalar bo'lsa kerak-da.
     Sulton ortiq chidayolmadi. Bu sodda, samimiy insonlardan bundan ortiq gap bilib bo'lmaydi. O'zlari ham ko'p narsa bilishmaydi. Xonasiga kirib, Murodni chaqirdi.
     —Nozimga nima qilibdi? Kim ushlabdi? Nega ushlabdi? Hammasini bilishimiz kerak!
     —Hovliqma, o'rtoq. Tagiga yetamiz. Men surishtirishni boshladim, senga aytmaganimning sababi shu, bira to'la batafsil aytmoqchi edim.
     —Yaxshi, anavi aytgan ishim nima bo'ldi? O'ylab ko'rdingmi?
    —Bu juda ham nozik ish, hozir vaqti ham emas, shoshmaslik kerak.
     —O'yla, yaxshilab o'yla. Odaming kelishi bilan xonamga kirsin. Tezroq harakat qilmasak bo'lmaydi.
     Soat 15:30larda kutilganidek, "nozik" mehmonlar kelishdi. Ko'rinish, o'zlarini tutishlaridan katta lavozimli kishilarga ham o'xshashmasdi. 2ta mashinada kelib,  to'g'ri o'zlari uchun tayyorlangan xonaga kirib ketishdi. Birozdan so'ng bittasi chiqib, eshik oldida hech kim turmasligini, kerak bo'lsa o'zlari chaqirishlarini aytdi. Murod bundan hayron bo'lmadi, indamay iltimosni bajardi, ammo, Sultonga aytganida uning ko'ngliga allaqanday shubha o'raladi. Bir ko'ngli, bildirmay odam qo'ymoqchi bo'ldi-yu, fikridan qaytdi. "Mayli, bizga nima, maxfiy gaplari bo'lsa, o'zlariga", deb o'yladi. Oradan 1-2 soat o'tdi hamki, ichkaridan birov chiqib, hatto, "choyni yangilab beringlar", demadi. Nihoyat, kech soat 7larga yaqinlashganda o'sha, boya hech kim bezovta qilmasligini so'ragan yigit chiqdi. Atrofga olazarak qarab olgach, qaytib kirib ketdi va birozdan keyin hammalari chiqishdi. Oralarida kattarog'i bo'lsa kerak, hamma og'ziga qarab turgan bittasi Sultonni ko'rib, oldiga keldi.
     —Mehmonlar shunaqa kutiladimi sizlarda, yigit?! Hech qursa, issiq choyni ayamasanglar bo'lardi. Xo'jayinlaringga arz qilaymi?
     Sulton jaxli chiqsada, o'zini bosdi.
     —Keyingi safar kelganingizda hammasini tuzatamiz.
     —Keyingi safargacha kim bor-u, kim yo'q,— cho'ntagidan 3-4 pachka pul chiqarib, Sultonning qo'yniga tutdi— bu xizmating uchun, ona sutidek halol.
     Shunday deb, indamay chiqib ketdi. Orqasidan qolganlari ham ergashdi. Sulton qo'ynidagi pulni Murodga berib, xizmatchilarga ish xaqidan tashqari tarqatib yuborishni buyurdi. Xonasiga kirib endigina joylashib o'tirgandi hamki, Murod bilan bir yigit kirib keldi.
     —Nozimning ishi bo'yicha surishtirishga yuborgandim. Kelishi bilan oldingga kiraverdik.
     —Yaxshi qilibsan. Xo'sh, bir boshdan gapirchi.
     —Bilishimcha, uydan olib chiqib ketilishlarida davlatning qo'li yo'q. Nozim akaning oxirgi paytlarda topgan daromadlari kimlarningdir g'ashiga tekkan ko'rinadi. 3-4kun oldin ogohlantirib, daromadning qandaydir foizini berishni so'rashgan ekan. Tabiiyki, Nozim aka ko'nmagan. Shundan keyin ular harakat qilishgan. O'tgan kuni ham mashinada urib yubormoqchi bo'lishgan, lekin akaning omadlari kelib sog' qolgan ekanlar. Kecha esa, uylaridan ko'tarishibdi. Qayerga olib ketishganini hozircha aniqlayolmadim, ayollari melisa, deb o'ylayotgan ekanlar. Uylaridagi kuzatuv kamerasi yozuvidan olib ketganlarning ko'rinishlarini tanib oldim. Har ehtimolga qarshi diskka nusxa ko'chirib olgandim.
     —Barakalla! Yaxshi ish qilibsan. Qani, noutbukka ula-chi, ko'raylik, kim ekan o'sha mushtumzo'rlar.
     Noutbuk ekranida Nozimning uyi, darvozasi atrofi ko'rindi. Haligi yigit videotasvirni biroz oldinga o'tqazgach, 3kishi kelib darvoza tugmasini bosdi. Kamera yon tomonda bo'lgani uchun yuzlarini tanib bo'lmasdi. Ichkaridan Nozimning o'zi chiqdi. Biroz gaplashgach, Nozim ular bilan birga yurdi. Shu payt yigitlardan biri kamera tarafga bexosdan qarab qoldi.
    —To'xtat! Tasvirni kattalashtir!
     Tasvirda boya hech kim bezovta qilmasligini so'ragan yigit turardi! Sulton qattiq g'azablandi.
     —Shundoqqina qo'limizga kelgan ekan, chiqarib yuboribmiz-a! Murod, ularning kimligini, joylarini aniqla! Oldin mashinada urishmoqchi bo'lganiga qaraganda, ularga Nozimning joni ham, moli ham kerakmas. Kech qolmaylik, tezroq harakat qil!
     Erta tongda mahallada nohush bir gap tarqaldi: Nozimni o'ldirib ketishibdi. Jasadini mahalla chetidagi tepalik ostidan topishibdi. Sulton buni eshitib, qattiq zarba yegandek seskanib tushdi. Bir necha kun hech kim bilan gaplashmay, o'zidan nafratlanib yurdi. Kechalari ich-etini yeb, uyqusida ham halovati yo'qoldi.
     Bir kuni Murodni uyiga chaqirdi. Hol-ahvol so'rashgach, muddaoga ko'chdi.
     —Murod, do'stim, bilasanki, Nozimni qattiq hurmat qilardim. Uning o'limida o'zimni aybdor sanayman, qasosini olmasam, shunday davom etaveradi. Ana endi harakat qilmasak bo'lmaydi. Shuncha o'ylading, yetar! Agar yo'q desang ham o'zim boshlayman bu ishni!
     —Modomiki, sen shunday qarorga kelgan ekansan, seni qaytarmayman. Do'stim, qanday ish boshlasang ham, sen bilan birgaman! Bugunoq qolganlarga ham aytib, faqat eng ishonchli yigitlarni qoldiraman. Istasang, hoziroq!
     —Rahmat, o'rtoq. Sen bugun kechki 7larga barcha yigitlarni to'pla, majlis bo'ladi.
     —Ho'p, mayli, bo'lmasa. Kechqurun ko'rishamiz.
     Soat 19:00da mahalla choyxonasining darvozalari ichkaridan qulflandi. Ichkarida faqat xizmatchilar, Sulton va Murodlar qolishdi.
     —Do'stlarim,— deb gap boshladi Sulton— bilasizki, hammangizni o'z akam, o'z ukamdek ko'raman! Sizlar ham meni jigarlaringizdek ko'rishingizga ishonaman. Sizlarga ishongan holda, bugungi yig'ilishimizning sababini tushuntirmoqchiman. Oxirgi paytlar mahallamizda, umuman, tumanimizda turli jinoiy ishlar, zo'ravonliklar ko'payib ketdi. Ularga qarshi hech kim hech narsa qilolmay ham qoldi. Bu biz— er yigitlar uchun isnoddir! Mahalla, tuman, umuman, jamiyatimizdagi buzg'unchiliklarga qarshi turishimiz, ularni ildizi bilan yo'q qilishimiz kerak! Maqsad faqat shu. Mayli, bu yo'lda qurbonlar berilsin, mayli, bizni noto'g'ri tushunishsin— bu muhim emas. Muhimi, ezgu maqsad yo'lidaligimizdir! Istaganlar ketishi mumkin, ular malomat qilinmaydi. Lekin faqat hozir. Keyin ortga qaytish yo'q. Bu o'yinga kirishdan oldin chiqish yo'li 2ta: yo g'alaba, yo o'lim ekanligini eslatmoqchiman! Marhamat, biz bilan qolishni istaganlargina qolsin...
     Yig'ilganlar ichiga o'ta noqulay bir jimlik cho'kdi. Birozdan so'ng bir, ketidan yana ikki kishi oldinga chiqdi. Sulton ularga yuzlandi.
     —Do'stlarim, unutmangki, bundan keyin ham do'stligimiz shunday davom etadi. Sizdan faqatgina jim yurish va sog' bo'lish so'raladi. Qilgan xizmatlaringizga rozi bo'linglar!
     Ular chiqib ketgach,  Sulton so'zida davom etdi.
     —Biz bilan qolganingiz, bizni o'zingizga do'st, aka, uka deb bilganingiz uchun rahmat! Bugundan boshlab biz— bir kuchmiz! Zolimlar-u, zo'ravonliklarga qarshi kuch! Ertadan Murod akangiz bilan maslahatlashib, har biringizga vazifa belgilab beramiz. Boshqa hollarda odatdagidek shu choyxonada xizmat qilaverasizlar. Hammaga tushunarli bo'lsa, ertagacha!
     Shunday deb, Sulton xonasiga kirib ketdi. Ortidan kirmoqchi bo'lgan Murodga "kerak emas, boraver", ishorasini qildi.
     Xonasiga kirib kresloga suyanib olarkan, xayolida bir fikr charx urardi:
     "Bu vatan, bu millat tinchligi uchun qora niyatlilar bilan oxirgi tomchi qonim qolgunicha kurashmasam, yashash menga xarom bo'lsin!"

понедельник, 6 марта 2017 г.

Mafiya Sardori

     —Hamma narsa tayyormi?
     —Hammasi joyida, xavotir olmang.
     —Biron muammo chiqsa, ko'radiganingni ko'rasan!
     Sardor shunday deb, yo'lga hozirlana boshladi.
     "Senlarning davrlaring o'tdi. Endi pul topish mening navbatim!"
     Belgilangan joyga kelganda to'polon, ur-yiqit ustidan chiqdi. Sardorni ko'rib, to'planib qolgan olomon ikkiga ajralib, yo'l ochishdi. Sardor shu yo'l bo'ylab olomonning o'rtasiga kirib bordi va hammaga bir qarab olgach, gap boshladi:
     —Birodarlarim, bunday noma'qul ishlaringiz bilan sha'nimizga dog' tushirayotganingizni bilyabsizlarmi?! Arzimagan pul uchun qirpichoq bo'lishingiz nimasi? Boshqa qaytarilmasin! Supurgi!
     —Labbay, usta?
     —Bugun ishga shaxsan o'zim chiqaman. Muammolarning oldi olinganmi? Politsiya bilan kelishib qo'yganmisan?
     —Ha, lekin... "dolya"ning foizini ko'tarishni talab qilishdi. Teng yarmini xohlashyabdi. Aks holda, hammamiz ketarkanmiz.
     —Kelishdingmi? Polisiya bilan o'ynashib bo'lmaydi. Bizning tinchgina ishimizni qilishimizga sharoit yaratib berishibdimi, ular bunga xaqli.
     Sardor shu gaplarni aytib, isholdi kichik kengashga yakun yasadi va yo'lga qaray boshladi.
     —Usta, bir mashina kelyapdi. VAZ 2107. Raqami 01AxxxAA. Nima qilay?
     —Uni bizdan keyingilarga qoldiramiz. Tegmalaring, o'tib ketaversin! Anavi "Mers"ni ko'ryabsanmi? Biz kutgan mashina shu bo'ladi. Hech kim joyidan qimirlamasin. Ishni bitirib o'zim aloqaga chiqaman. 3kunda aloqaga chiqmasam, yangi Usta saylab, ishni davom ettirishga o'zing bosh-qosh bo'l.
     —Unday demang, usta...
     —Bilib bo'lmaydi. Bo'pti, men ishga kirishay.
     Sardor Supurgini odamlari oldiga jo'natib yuborib, o'zi qop-qora Mersedes mashinasi oldiga bordi. Eshik oynasi tushirilib, haydovchining "O'tir", ishorasidan keyin eshikni ochib o'tirib oldi.
     —Ho'sh, nima ishlar keladi qo'lingdan?
     —Istaganingiz, og'a.
     —Yaxshi. Hozir biznikiga boramiz. Kichkinagina yerimiz bor, shuni chopib chiroyli qilib berasan...
     Sardor tasdiq ma'nosida bosh irg'adi...