среда, 22 марта 2017 г.

Qasos. 2-qism

     "Sulton! Sen menga ham do'st, ham ukamdaysan. Sen ham meni akangdek, do'stingdek ko'rsang, bir ish qil!
     —Nima qilay, ayt?! Yoningga boraymi? Qasosingni olaymi? Ko'rasan, hali hammasining dodini beraman! Bittasini ham tirik qo'ymayman!
     —Sulton! Bir ish qil!!!
     —Ayt, nima ish?! To'xta! Nozim! Iltimos! A-a-ayt!!!"
      Sulton cho'chib uyg'ondi. Yuragi gupillab urar, yuzlaridan reza-reza ter oqardi. Biroz vaqt ko'rgan tushi ta'sirida yotdi. Mana, bir necha kunki, do'sti har kecha tushiga kiradi. Nimadir demoqchidek bo'ladi, lekin har safar o'sha gapini ayta olmaydi. Sulton buni Nozim qasos olishga chorlayabdi, deb o'zicha ta'bir qildi. Shu tobda o'zini juda ham ojiz, notavon his qildi. Nozimning qotillarini topish uchun qilgan hamma harakatlari, mana, Nozimning o'limiga ikki hafta bo'lyabdiki, biror natija bermayabdi. Sulton do'stining ruhi bezovta bo'lishi, tushlariga kirishiga ham shu sabab, deb o'yladi. Chuqur uh tortib, joyiga qayta yotdi. Soatga qarasa, tong otishiga hali ancha bor. Endigina 3:00dan o'tgan. Har qancha urinsa ham ko'ziga uyqu kelmagach, turib hovliga chiqdi. Ko'ngil g'ashligi hovlida ham tarqamadi. Oxiri yuz-qo'lini yuvib, yarim tun bo'lishiga qaramay, ishxonasiga otlandi. Ovoz chiqarmay sekingina uydan chiqib, shag'al to'kib tekislangan toshloq yo'l bo'ylab yura boshladi. Hammayoq qop-qorong'u zimiston. Oy taratayotgan zaifgina nur, aksincha, atrofni battar vahimali ko'rinishga solardi. Tungi sovuq shamol daraxtlarning barglarini shitirlatar, ora-orada qayerlardandir tun qushi- ukkining cho'zib sayrashi eshitilib qolardi. Sulton hozir bularning hech biriga ahamiyat beradigan ahvolda emasdi. Xayolida faqat Nozimning qotillarini qanday topish mumkinligi-yu, qanday qasos olsa, do'stining ruhi ham, o'zining ko'ngli ham xotirjam bo'lishi haqidagi javobsiz savollar g'ujg'on o'ynardi. Choyxonaga borish uchun Nozimning uyi oldidan ham o'tilardi. Sulton shu ko'chadan o'tishga allanechuk hijolat bo'ldi. Aylanib, boshqa yo'l bilan yurmoqchi ham ediki, yo'l chetidagi izgirtlar orqasidan qandaydir pichir-pichir ovozlar eshitildi. Sulton sekin yo'lning qarama-qarshi tomonidagi bog'cha ichiga kirib, yashirindi. Butazordan ikki kishi chiqib, sekin yura boshlashdi. Ular Nozimning uyi tarafga qarab yurishardi. Sulton o'zini ko'rishmaganiga ishonch hosil qilgach, bildirmay ortlaridan tushdi. Notanish kimsalar o'zaro janjallashishayotganga o'xshardi. Goh qizishib, ovozlarini ko'tarib yuborishardi. Chala-yarim gaplardan, Sulton ular Nozimning qotillari ekanligi, uydagi kamera yozuvlarini o'g'irlash uchun ketayotganlarini angladi. Ulardan biri ikkinchisini kurakda turmaydigan so'zlar bilan qattiq xaqorat qilar, ikkinchisi esa, indamay yerga qarab ketardi.
     —Sen landovur kameraga qaramaganingda, hozir maishatni quyuq qilib o'tirgan bo'lardik! Kamera turgan tarafda enangni ko'rganmiding? Xo'p, qarabsan, shuni Shefning oldida aytishing shartmidi? Boshqa kun o'zimiz kelib tinchitib ketmasmidik?
     Sulton uchun ularning bu darajada qizishib ketishlari ayni muddao bo'layotgandi. Ular atrofni butkul unutib, hech narsaga ahamiyat berishmasdi. Sulton endi masofani yanada yaqinlashtirib, atigi o'n qadamcha ortda, har ehtimolga qarshi yo'l chetidan kuzatib borardi.  Ular Nozimning uyiga kelishgach, bir zum o'ylab qolishdi. Nozim yashirinib olib kuzata boshladi.
     —Qanday kiramiz?
     —Qanday kirarding, devor oshasan, galvars! Bu ishni tugatib olay, o'zim seni peshonangdan otaman!
     Ular devorning chetrog'iga borib, birin-ketin tirmashib chiqa boshlashdi. Sultonning oldida ikki yo'l qolgandi: ularni shu yerning o'zida qo'lga tushirish yoki chiqishlarini kutib, boradigan joylarigacha kuzatib borib, makonlarini aniqlash. Birinchi yo'lni tanlasa bo'lardi-yu, "Bular kichkina odam, kattalarini qo'lga olaman", deb o'yladi. Lekin Nozimning oilasini ham havfga qo'yib tavakkal qilib bo'lmasdi: bu ikki kimsaning maqsadi videotasvir yozilgan disk bo'lsada, uyda kimdir uyg'onib qolsa, o'ldirib yuborishmasligiga kafolat yo'q edi. Shularni o'ylab, Sulton ham ichkariga kirishga qaror qildi. Ular tushgan devorning qarama-qarshi tarafiga o'tib, hovlining bu boshiga tushdi. Yashirinib olib, ularni kuzata boshladi. "Ishqilib hech kim uyg'onib qolmasin-da". Shunday o'ylar bilan nafasini ichiga yutib turganida, ichkaridan haligi ikki kishi chiqdi. Qo'llarida nimadir ko'tarib olishgan. "Demak, uddalashibdi yaramaslar, endi tezroq chiqib ketishsa, masala hal".
     Shu payt qo'shni hovlidagi it bezovta bo'lib xura boshladi. Avvaliga bir, ketidan yana bir xonaning chirog'i yondi. O'g'rilar ehtiyotkorlikni ham chetga surib, yugurgancha devorga tirmashib, ko'zdan g'oyib bo'lishdi. Sulton ham tezroq harakat qilmasa bo'lmasdi. U ham tushgan devoriga tirmashib, endigina ko'cha tarafga sakrayman, degan edi, orqasidan Nozimning dadasi, Qosim aka baqirib qoldi:
     —To'xta! Hoy, o'g'ri, to'xta, otaman!
     Sulton pastga sakrab, haligi o'g'rilarning ortidan yetib olishga shoshildi...
     Tong otdi. Sulton odatiga xilof ravishda bugun erta turmadi. Tungi havfli sarguzashtdan keyin, uyqusini ocholmasdi. Hovlidan Murodning chaqirgan ovozi eshitildi. Onasi "Hali turmagandiya, hozir uyg'otaman", dedi.  Murod "Ovora bo'lmang, xola, o'zim uyg'otaman", deb, Sultonning xonasiga kirdi.
     —Sulton, tez tur! Zarur gap bor!
     —Nima gap ekan? Ishda gaplashamiz.
     —Boshimni og'ritma, tur dedim! Nimalar qilib yuribsan o'zi?
     Bu gapdan keyin Sulton o'rnidan turib, "hozir", degancha yuvingani kirib ketdi.
     —Men ishda bo'laman, tez bor, uyda gaplashadigan gap emas.
     Sulton yuvinib chiqib, choyxonaga otlandi. Ming xayollar bilan yetib borganida, Murod Sultonning xonasida asabiylashib o'tirardi.
     —Nima bo'ldi, ertalabdan buncha to'polon?
     —Ertalab Nozimning xotini keldi. Seni so'radi. Uydagilariga bildirmay chiqqan ekan, ko'p kutolmadi. Ertaga yana erta tongda chiqaman, dedi.
     —Nima ishi bor ekan? Tinchlikmikan ishqilib?
     —Bilmadim, aytmadi. Lekin nihoyatda asabiylashgan, ko'zlari yig'idan qizarib ketgandi.
     —Tinchlik bo'lsin ishqilib. Yigitlar tayyor turishsin, Nozimni o'ldirganlarning makonlariga boramiz.
     —Nimalar deyabsan? Manzilni qayerdan bilamiz?
      Sulton tunda bo'lgan ishlarni gapirib berdi. Murod bularni eshitib, chuqur o'yga toldi.
     —Bostirib borib, kuch ishlatib maqsadga erishib bo'lmaydi. Aql bilan, aniq bir rejali ish qilish kerak.
     —To'g'ri aytasan. Biror rejang bormi?
     —Yaxshilab o'ylab, bir yo'lini topamiz, ungacha shoshmasak bo'lgani.
     Shu kuni Sulton kun bo'yi g'alati kayfiyatda yurdi. Ertalab Nozimning xotini kelib ketgani uning shundoq ham to'zg'in xayollarini battar chalg'itardi. "Nima bo'lsa bo'ldi, ertaga yana chiqadi, o'shanda bir gap bo'lar", deb o'ylab, uyga ketdi.
     Tuni bilan uxlay olmay, rejalar tuzib chiqqan Sulton tong otmasidanoq yana ishga otlandi. Barvaqt borib olib, Nozimning ayolini kuta boshladi. Nihoyat, u keldi. Sulton uni ko'rib, ko'zlariga ishonmadi. "Qisqa vaqtda shunchalik qarib ketish mumkinimi? Ha, g'am odamni qaritadi, yana ham bu ayolning sabriga qoyil, o'rnida boshqasi bo'lsa, tashlab ketardi hamasini".
    —Keling, kennoyi, yaxshimisiz? Kecha ham kelgan ekansiz yo'qligimda. Kutib ololmay hijolatda qoldim.
     —Sulton aka, siz Nozim akamning do'stlari, ukalarisiz, deb o'ylab yurardim. Shuncha payt sizga suyanib keldik. Ochig'i, endi kimga ishonishni ham, suyanishni ham bilmay qoldim.
     —Nimalar deyabsiz, kennoyi? Ochiqroq gapiring?!
     —Hammasini bilaman. Meni aldashga urinmang. O'z ko'zim bilan ko'rdim. Sizga nega kerak edi o'sha yozuv? Bir odamingizni jo'natgandingiz, bergandim. Endi nega asl nusxasini ham o'g'irladingiz? Izingizni yo'qotish uchunmi? Yaxshi hamki, qaynotam sizni tanimadilar. Shuning uchun o'zim keldim. Sizdan ko'rgan yaxshiliklarimiz haqqi, hech kimga aytmay, o'zingiz bilan uchrashishni istadim. Iltimos, bizni tinch qo'ying! Qaynona-qaynotam shusiz ham og'ir ahvoldalar. Erimni siz o'ldirtirganingizni ko'tara olishmaydi! Yopiq qozon yopiqligicha qolsin, iltimos! Nozim akamning ota-onalariga rahmingiz kelsin.
     —Noto'g'ri tushunibsiz! Nahotki, o'z akamdek bo'lib qolgan odamni o'ldirsam? Nahotki, meni shunchalik pastkash inson deb o'ylasangiz?
     —Nima deb o'ylashimning endi ahamiyati yo'q. Iltimosimni qabul qilasiz, degan umiddaman. Yaxshi qoling, xayr!
     Sulton o'zini oqlab o'tirmadi. Hozir har qanday gap ham yolg'on tuyulaverishini juda yaxshi tushunib turardi. Tezroq ishga kirishib, natija bilan o'zini oqlamasa, boshqa chora yo'qligini his qildi. Kelin chiqib ketgach, Murod ham yetib keldi.
     —Qayerlarda yuribsan? Menda reja bor. Bugunoq ishga kirishamiz!
     —Qanaqa reja?
     —Yo'lda gapirib beraman, ketdik!
     Bir necha soatlardan so'ng bu ikki do'st, ikki qasoskor shahar ko'chalarida yurishardi.
     —Esingda bo'lsin, Murod! Seni ko'rib qolishlari mumkin emas! O'zingni bildirmay kuzat! Buyog'iga yo'limiz ayriladi.
     —Xo'p, lekin juda ham qaltis o'yin boshlayabsan. Ular seni o'ldirib yuborishlari hech gap emas.
     —O'ldirishmaydi, agar shu paytgacha ortlaridan tushganimizni sezishmagan bo'lsa, o'ldirishmaydi. Uyog'i O'ziga tavakkal.
     —Ho'p, o'zingni ehtiyot qil, biror gap bo'lsa, vaziyatga aralashaman, aytib qo'yay!
     Murod shunday deb, qadamini sekinlatdi. Sulton aksincha, tezlashib, ro'paradagi hovli orqasiga o'tdi. Endi shu yerda kimdir chiqquncha kutish kerak. Ko'p kutishga ham to'g'ri kelmadi. O'sha, kameraga qarab qolib, ishni pachava qilgan yigit uy tarafga kelardi. Sulton qadamini bir oz tezlatib, unga "bexosdan" turtilib ketdi.
     —Ko'zingga qarab yurmaysanmi?!
     —Uzr, aka, kechiring. Ko'rmay qolibman.
     —Keyingi safar kechirmayman!
     —Shoshmang, sizni tanidim! Aka, siz ham tanishingiz kerak, esingizdami, men ishlaydigan choyxonaga kelgandinglar. Ammo rosa hijolatda qoldirib ketgan edi ustalaringiz. Bir o'tinglar, chiroyli qilib o'zim kutib olaman.
     —Obbo sen-ey, yurchi, ichkariga. O'sha seni qarzdor qilgan kishi bilan uchrashtiraman.
     —Xursand bo'lardim. Tasodifni qarang, shu yerda turadilarmi?
     —Ha, sen hozi shu yerda kutib tur, men ustamning oldiga kirib, ruxsat so'rab chiqaman.
     Sulton bu landovurning bunchalik oson tuzoqqa tushishini umuman kutmagandi. "Agar qolganlari ham shunga o'xshagan bo'lsa, bekorga cho'chigan ekanmiz. Bostirib kelaversak ham bo'larkan".
     —Qani, kelchi, ichkariga kir. Faqat ehtiyot bo'l, Shefning kayfiyatlari yo'qroq.
     —Unday bo'lsa, boshqa kuni kela qolay, a?
     —Kiraver, Shefimiz oddiy odamlarga yomonlik qilmaydilar.
     Ichkari keng, katta bir xona edi. Katta eshikdan kiraverishda shundoqqina ro'parada "T" shaklidagi ish stoli. Xonaning o'ng tarafi turli jihozlar bilan bezatilgan, chap tarafida esa, burchak shaklidagi mebel va shishavand stol. Shef deganlari ro'paradagi oynaga qarab, kim bilandir telefonda gaplashardi. Sulton xizmatchi yigitning taklifi bilan chap tarafga o'tib, yumshoq mebelning bir chetiga yengilgina cho'kdi. Nihoyat, Shef telefondan bo'shab, ortiga qaradi. Sulton uni darrov tanidi. O'sha, cho'ntagiga pul solib ketgan odam.
     —Kim bu? Nega olib kelding buni?
     —Xo'jayin, bu odam...
     —Aka, men bir choyxonada oddiy xizmatchi yigitman. Esingizdami, o'tgan hafta bizning choyxonaga kelgandinglar. Sizlarga tuzukroq xizmat qilolmagandim. Lekin oxirida uyaltirib, ming hijolatda qoldirib ketgandingiz.
     —Ha, esladim. Ho'sh? Agar pulni qaytarib olib kelgan bo'lsang, kerak emas, ketaver,— aftidan, telefondagi suhbat uning kayfiyatiga yaxshi ta'sir qilgandi, hazillashib gapirardi.
     —Yo'q, aka, sizga rahmat aytishni xohlagandim, keyin... biror kunni belgilab borsangiz juda ham xursand bo'lardik. O'shanda qarzdor bo'lib qolganman. Biz tarafning yigitlari oriyati kuchli yigitlar. Qarz bo'lish biz uchun isnod.
     —Shunday de. Ho'sh... Boboy, nima deysan, boramizmi?
     —Albatta, ho'jayin. Shunday taklifga yo'q deb bo'ladimi?
     —Sen bo'lasanu, ziyofatga yo'q deysanmi?— shunday deb, Sultonga yuzlandi— mayli, yakshanba kuni kech soat 4-5larda boramiz.
     —Rahmat, faqat bir narsa iltimos qilmoqchi edim. Ishlaringizga aralashish niyatim yo'gu, yana hijolat bo'lib qolmaslik uchun aytyabman, ishdagi tashvishlarni qo'yib, maza qilib o'tirib ketsanglar, bemalol xizmat qilsak..
     Shef deganlari kulib yubordi.
     —Yaxshi bola ekansan. Ho'p, kelishdik. Boboy, bu odamni kuzatib qo'y. Choyxona xarajatlarini berib yubor.
     —Yo'q aka, kerakmas.
     —Sen xizmat qilib ham qarzingdan qutulasan, bir miriqib gurunglashganimiz qoladi.
     Sulton Boboy laqabli xizmatchi kuzatuvida tashqariga chiqqanida, Murod uy atrofida o'ralashib yurardi. Aftidan, Sulton chiqavermaganiga xavotir olib, ichkariga kirmoqchi edi. Ularni ko'rdi-yu, kishi bilmas ortiga burilib, tez tez yurib ketdi.
     Yigit Sultonni kuzatib, o'zi boshqa yo'l bilan ketdi. Sulton bu yerlardan uzoqlashib, hech kim kuzatmayotganiga ishonch hosil qilgach, ortidan kelgan Murodning mashinasiga o'tirdi.
     —Namuncha, qolib ketding? Senga biror nima qilishgan bo'lsa, hammasini peshonasidan otaman, deb kirmoqchi bo'lib turgandim. Omadlari bor ekan.
     —Mashinani tezroq hayda. Bu yerlardan ketaylik tezroq. Seni men bilan ko'rishsa, ish pachava bo'ladi.
     Sulton Murodga hammasini aytib berdi. Barini eshitgan Murod, "Bu odamlar axmoq ekanku, cho'chib yurganimizni qara", deb yubordi.
     —O'rtoq, biz endi katta ishga kirdik. Ehtiyot bo'laverish kerak. Bu axmoqlar orqalarida kattaroq homiylari, tog'lari bo'lmasa, bunday bemalol odam o'ldirish tugul, bir qadam ham bosisholmaydi. Bularni qopqonga tushirsak, balki ertaga kattalari bilan urishishga to'g'ri kelar? Bilmaymiz. Lekin bir narsa aniqki, bizga endi ortga yo'l yo'q. Yigitlarga rejani tushuntir, ehtiyot bo'lishni tayinla. Birinchi ishdanoq yutqazishni xohlamayman. Qani, endi tezroq hayda, aravangni. Achchiqqina choy ustida bir gurunglashaylik.
     —Ho'p bo'ladi, xo'jayin.
     Mashina o'qdek uchib borarkan, ichidagi ikki mard o'g'lonning xayolida bir narsa edi:
     "Chindan ham, ortga yo'l yo'q! Kerak bo'lsa, kattalarini ham yo'q qilamiz!"

Комментариев нет:

Отправить комментарий