Tong. Sulton odati bo'yicha erta turib jismoniy mashqlarini bajargach, onasiga "Nonushtani ishda qilaman, ketdim", deganicha shoshib chiqib ketdi. Mahallaning bir chekkasida mo'jazgina choyxonasi bor. Kuni o'sha yerda o'tadi. Aslida, borib yurmasa ham, jilla qursa shoshmasa ham bo'ladi. Yordamchisi, bolalikdan birga katta bo'lgan do'sti Murod hammasini o'zi eplaydi. Sultonning qiladigani— keldi-ketdini kuzatib, mahalla ahlining muammolariga quloq tutib o'tirish.
Ishga kelganida Murod allaqachon shu yerda, shoshib u yoq- bu yoqqa yurardi. Salomlashib, hol-ahvol so'rashgach, Sulton:
—Ha, tinchlikmi, halovating yo'q?— deb so'radi.
—Tinchlik, kecha shoshilinch buyurtma olgandim. Bugun soat 16:00larga katta xonani tayyorlab qo'yish kerak. Hozirgina mahsulotlarni tashlab ketishdi. Sen bilan mening jonimdan boshqa hamma narsa bor o'ziyam.
—O'h-ho', zo'rku. Kim ekan, bilmadingmi? Bizning mahalladan emas shekilli?
—So'radim, aniq-tiniq biror nima deyishmadi. Gap-so'zlari ham qandaydir boshqacha, bu yerlik emas.
—Mayli, kelaverishsin-chi. Hammasiga o'zing bosh-qosh bo'l. Eng chaqqon yigitlar xizmat qilishsin.
—Ho'p, xojayin, ho'p.
—Xo'jayinmish, xo'jayin o'zing-ku, men bu yerda kimman? Oddiy qo'riqchi, xolosku,— shunday deb Murodning yelkasiga sekingina mushtladi-yu, kulganicha asosiy, kunlik mijozlar qabul qilinadigan maydon tomon yurdi.
Maydondagi bir supada 4-5 qariya choy ichib o'tirar, aftidan, Bomdod namozidan chiqib to'g'ri shu yerga kelishgandi. Sulton salom berib, qatorlariga qo'shildi.
—Kel, bolam, eh, seni yoshingga qaytib qolsam edi-yu, shu nomardlarni kunini ko'rsatardim-a, huddi.
—Haliyam yigitdaysiz, ota, qo'yib bersa 3-4 polvonning kuragini yerga tekkizasiz hali. Tinchlikmi, qaysi nomardlar haqida gapiryabsiz?
Qariyalar biri qo'yib-biri olib vaziyatni tushuntira ketishdi.
—Mahallamiz do'konchisi Nozimboy borku? O'shaning ustidan shikoyat tushibdi. Kim shikoyat qilgan— birorta nomard shikoyat qilgan. Nomard bo'lmay kim?!
—Halol yigit edi, biror bir qing'ir ish qilganini bilmayman.
—Ha, darxaqiqat, nimaga erishgan bo'lsa, peshona teri bilan, halol erishdi. Endi, har yaxshining bir dushmani bo'ladi-da. Kim ko'p, hasadgo'y ko'p.
—Tog'a, nima bo'libdi Nozimga, shundan gapiraqoling endi?
—Kechasi uyidan olib chiqib ketishibdi. Yaqinda uylangandi. 4-5 oy bo'lib qoldi-yov, a Nurmamat?
—Bo'lsa bordir, esimda qolibdimi?! Qiziqsan-ey.
—To'yini bilaman, esimda, kim olib chiqib ketibdi axir?!
—Kim bo'lardi, melisalar bo'lsa kerak-da.
Sulton ortiq chidayolmadi. Bu sodda, samimiy insonlardan bundan ortiq gap bilib bo'lmaydi. O'zlari ham ko'p narsa bilishmaydi. Xonasiga kirib, Murodni chaqirdi.
—Nozimga nima qilibdi? Kim ushlabdi? Nega ushlabdi? Hammasini bilishimiz kerak!
—Hovliqma, o'rtoq. Tagiga yetamiz. Men surishtirishni boshladim, senga aytmaganimning sababi shu, bira to'la batafsil aytmoqchi edim.
—Yaxshi, anavi aytgan ishim nima bo'ldi? O'ylab ko'rdingmi?
—Bu juda ham nozik ish, hozir vaqti ham emas, shoshmaslik kerak.
—O'yla, yaxshilab o'yla. Odaming kelishi bilan xonamga kirsin. Tezroq harakat qilmasak bo'lmaydi.
Soat 15:30larda kutilganidek, "nozik" mehmonlar kelishdi. Ko'rinish, o'zlarini tutishlaridan katta lavozimli kishilarga ham o'xshashmasdi. 2ta mashinada kelib, to'g'ri o'zlari uchun tayyorlangan xonaga kirib ketishdi. Birozdan so'ng bittasi chiqib, eshik oldida hech kim turmasligini, kerak bo'lsa o'zlari chaqirishlarini aytdi. Murod bundan hayron bo'lmadi, indamay iltimosni bajardi, ammo, Sultonga aytganida uning ko'ngliga allaqanday shubha o'raladi. Bir ko'ngli, bildirmay odam qo'ymoqchi bo'ldi-yu, fikridan qaytdi. "Mayli, bizga nima, maxfiy gaplari bo'lsa, o'zlariga", deb o'yladi. Oradan 1-2 soat o'tdi hamki, ichkaridan birov chiqib, hatto, "choyni yangilab beringlar", demadi. Nihoyat, kech soat 7larga yaqinlashganda o'sha, boya hech kim bezovta qilmasligini so'ragan yigit chiqdi. Atrofga olazarak qarab olgach, qaytib kirib ketdi va birozdan keyin hammalari chiqishdi. Oralarida kattarog'i bo'lsa kerak, hamma og'ziga qarab turgan bittasi Sultonni ko'rib, oldiga keldi.
—Mehmonlar shunaqa kutiladimi sizlarda, yigit?! Hech qursa, issiq choyni ayamasanglar bo'lardi. Xo'jayinlaringga arz qilaymi?
Sulton jaxli chiqsada, o'zini bosdi.
—Keyingi safar kelganingizda hammasini tuzatamiz.
—Keyingi safargacha kim bor-u, kim yo'q,— cho'ntagidan 3-4 pachka pul chiqarib, Sultonning qo'yniga tutdi— bu xizmating uchun, ona sutidek halol.
Shunday deb, indamay chiqib ketdi. Orqasidan qolganlari ham ergashdi. Sulton qo'ynidagi pulni Murodga berib, xizmatchilarga ish xaqidan tashqari tarqatib yuborishni buyurdi. Xonasiga kirib endigina joylashib o'tirgandi hamki, Murod bilan bir yigit kirib keldi.
—Nozimning ishi bo'yicha surishtirishga yuborgandim. Kelishi bilan oldingga kiraverdik.
—Yaxshi qilibsan. Xo'sh, bir boshdan gapirchi.
—Bilishimcha, uydan olib chiqib ketilishlarida davlatning qo'li yo'q. Nozim akaning oxirgi paytlarda topgan daromadlari kimlarningdir g'ashiga tekkan ko'rinadi. 3-4kun oldin ogohlantirib, daromadning qandaydir foizini berishni so'rashgan ekan. Tabiiyki, Nozim aka ko'nmagan. Shundan keyin ular harakat qilishgan. O'tgan kuni ham mashinada urib yubormoqchi bo'lishgan, lekin akaning omadlari kelib sog' qolgan ekanlar. Kecha esa, uylaridan ko'tarishibdi. Qayerga olib ketishganini hozircha aniqlayolmadim, ayollari melisa, deb o'ylayotgan ekanlar. Uylaridagi kuzatuv kamerasi yozuvidan olib ketganlarning ko'rinishlarini tanib oldim. Har ehtimolga qarshi diskka nusxa ko'chirib olgandim.
—Barakalla! Yaxshi ish qilibsan. Qani, noutbukka ula-chi, ko'raylik, kim ekan o'sha mushtumzo'rlar.
Noutbuk ekranida Nozimning uyi, darvozasi atrofi ko'rindi. Haligi yigit videotasvirni biroz oldinga o'tqazgach, 3kishi kelib darvoza tugmasini bosdi. Kamera yon tomonda bo'lgani uchun yuzlarini tanib bo'lmasdi. Ichkaridan Nozimning o'zi chiqdi. Biroz gaplashgach, Nozim ular bilan birga yurdi. Shu payt yigitlardan biri kamera tarafga bexosdan qarab qoldi.
—To'xtat! Tasvirni kattalashtir!
Tasvirda boya hech kim bezovta qilmasligini so'ragan yigit turardi! Sulton qattiq g'azablandi.
—Shundoqqina qo'limizga kelgan ekan, chiqarib yuboribmiz-a! Murod, ularning kimligini, joylarini aniqla! Oldin mashinada urishmoqchi bo'lganiga qaraganda, ularga Nozimning joni ham, moli ham kerakmas. Kech qolmaylik, tezroq harakat qil!
Erta tongda mahallada nohush bir gap tarqaldi: Nozimni o'ldirib ketishibdi. Jasadini mahalla chetidagi tepalik ostidan topishibdi. Sulton buni eshitib, qattiq zarba yegandek seskanib tushdi. Bir necha kun hech kim bilan gaplashmay, o'zidan nafratlanib yurdi. Kechalari ich-etini yeb, uyqusida ham halovati yo'qoldi.
Bir kuni Murodni uyiga chaqirdi. Hol-ahvol so'rashgach, muddaoga ko'chdi.
—Murod, do'stim, bilasanki, Nozimni qattiq hurmat qilardim. Uning o'limida o'zimni aybdor sanayman, qasosini olmasam, shunday davom etaveradi. Ana endi harakat qilmasak bo'lmaydi. Shuncha o'ylading, yetar! Agar yo'q desang ham o'zim boshlayman bu ishni!
—Modomiki, sen shunday qarorga kelgan ekansan, seni qaytarmayman. Do'stim, qanday ish boshlasang ham, sen bilan birgaman! Bugunoq qolganlarga ham aytib, faqat eng ishonchli yigitlarni qoldiraman. Istasang, hoziroq!
—Rahmat, o'rtoq. Sen bugun kechki 7larga barcha yigitlarni to'pla, majlis bo'ladi.
—Ho'p, mayli, bo'lmasa. Kechqurun ko'rishamiz.
Soat 19:00da mahalla choyxonasining darvozalari ichkaridan qulflandi. Ichkarida faqat xizmatchilar, Sulton va Murodlar qolishdi.
—Do'stlarim,— deb gap boshladi Sulton— bilasizki, hammangizni o'z akam, o'z ukamdek ko'raman! Sizlar ham meni jigarlaringizdek ko'rishingizga ishonaman. Sizlarga ishongan holda, bugungi yig'ilishimizning sababini tushuntirmoqchiman. Oxirgi paytlar mahallamizda, umuman, tumanimizda turli jinoiy ishlar, zo'ravonliklar ko'payib ketdi. Ularga qarshi hech kim hech narsa qilolmay ham qoldi. Bu biz— er yigitlar uchun isnoddir! Mahalla, tuman, umuman, jamiyatimizdagi buzg'unchiliklarga qarshi turishimiz, ularni ildizi bilan yo'q qilishimiz kerak! Maqsad faqat shu. Mayli, bu yo'lda qurbonlar berilsin, mayli, bizni noto'g'ri tushunishsin— bu muhim emas. Muhimi, ezgu maqsad yo'lidaligimizdir! Istaganlar ketishi mumkin, ular malomat qilinmaydi. Lekin faqat hozir. Keyin ortga qaytish yo'q. Bu o'yinga kirishdan oldin chiqish yo'li 2ta: yo g'alaba, yo o'lim ekanligini eslatmoqchiman! Marhamat, biz bilan qolishni istaganlargina qolsin...
Yig'ilganlar ichiga o'ta noqulay bir jimlik cho'kdi. Birozdan so'ng bir, ketidan yana ikki kishi oldinga chiqdi. Sulton ularga yuzlandi.
—Do'stlarim, unutmangki, bundan keyin ham do'stligimiz shunday davom etadi. Sizdan faqatgina jim yurish va sog' bo'lish so'raladi. Qilgan xizmatlaringizga rozi bo'linglar!
Ular chiqib ketgach, Sulton so'zida davom etdi.
—Biz bilan qolganingiz, bizni o'zingizga do'st, aka, uka deb bilganingiz uchun rahmat! Bugundan boshlab biz— bir kuchmiz! Zolimlar-u, zo'ravonliklarga qarshi kuch! Ertadan Murod akangiz bilan maslahatlashib, har biringizga vazifa belgilab beramiz. Boshqa hollarda odatdagidek shu choyxonada xizmat qilaverasizlar. Hammaga tushunarli bo'lsa, ertagacha!
Shunday deb, Sulton xonasiga kirib ketdi. Ortidan kirmoqchi bo'lgan Murodga "kerak emas, boraver", ishorasini qildi.
Xonasiga kirib kresloga suyanib olarkan, xayolida bir fikr charx urardi:
"Bu vatan, bu millat tinchligi uchun qora niyatlilar bilan oxirgi tomchi qonim qolgunicha kurashmasam, yashash menga xarom bo'lsin!"
Бу блог орқали қандай мавзуни ёритишим, нима ҳақида ёзишимни, рости, ҳали ўзим ҳам билмайман. Шунчаки, Бир кўнгилдан бошқа кўнгил(лар)га йўлланган Мактуб деб қабул қилгайсиз...
пятница, 17 марта 2017 г.
Qasos. 1-qism
Подписаться на:
Комментарии к сообщению (Atom)
Комментариев нет:
Отправить комментарий