понедельник, 23 апреля 2018 г.

Men— Mahalliychiman!

     Ijtimoiy tarmoqlarda ko'p kuzatib turaman, mahalliychilik bugun bir qancha bahslar, hatto, dahanaki janjallarga ham sabab bo'lmoqda. Har kim o'z viloyatini osmonlarga ko'taradi, boshqa viloyatni o'zinikidan past sanaydi. Qizig'i, huddi o'zi qilayotgan ishni boshqalarda ko'rib, uni mahalliychilikda ayblaydi. Buyog'i eski latifa: "Menda bo'lsa, ehtiyotkorlik, senda bo'lsa, qo'rqoqlik".
     Men ham eldan ajralmay, deb, mahalliychi bo'lib ko'rmoqchi bo'ldim. Ho'sh, biror viloyatni tanlab, maqtash kerakmi? Gap yo'q, maqtashni qoyillataman. Lekin, qayerni tanlasam ekan?
      1. Andijon. O, bu yerliklarning mehmondo'stligi-yu, shirin so'zliliklarini gapirmay iloj yo'q. Maqtash ham shart emas, borini gapirsangiz bo'ldi. Dunyoga chempionlarni taqdim etayotgan "Chempionlar yurti".
     2. Buxoro. Buxoroi sharif haqida gap ketganda Imom Buxoriy nomlari birinchi bo'lib esga tushadi. Shunday zotning avlodlarini qanday qilib boshqalardan past sanash mumkin?!
     3. Farg'ona. Askiya yurti, deb shu yerni aytisharmidi? Bilmadim-u, shaxsan o'zim taniydigan hamma Farg'onaliklar juda ham hushchaqchaq, samimiy insonlar.
     4. Jizzax. Yuqorida aytganim, tortishuvlarda taomlar haqida ham gap ketgandi. O'ylab qoldim, bular mashhur "Jizzax somsasi"dan yeb ko'rishmagandir-ov. Bo'lmasa, tortishib ham o'tirishmasdi.
     5. Namangan. Har narsani mos ta'rif ila sifatlashga odatlangan dono xalqimiz bu viloyatni "Gullar shahri", deydi. Albatta, bekorga emas. Butun mamlakatimizdagi eng go'zal bog'lardan biri aynan Namangan viloyatida joylashgan. Kirib, bir sayr qilgan odamning bahri-dili ochiladi.
     6. Navoiy. Respublikamizning eng yosh viloyati bo'lishiga qaramasdan, juda tez rivojlanibgina qolmay, butun Respublikani turli tabiiy boyliklar bilan ta'minlab kelyapti. Esimda borida aytib qo'yay, Navoiydan eksport qilinadigan qorako'l terisi chet davlatlarda ham ancha talash mahsulot hisoblanadi.
     7. Qashqadaryo. Qashqadaryoning dunyoga mashhur tandir go'shtidan gapirsam, qolganlar xafa bo'lishmasa ham kerak. Negaki, nafaqat 12 viloyatda, balki butunbdunyoda birdek seviladigan taom, o'ziyam.
     8. Samarqand. "Sayqali ro'yi zamin", deya ta'rif berishganda naqadar haq bo'lishgan. Registon maydonini tomosha qilaman, deb, Eyfel minorasi-yu, Misr ehromlari yurtidan ham kelishadi, kerak bo'lsa.
     9. Sirdaryo viloyati o'zining mehnatkash xalqi, ekin yerlarning kattaligi bo'yicha Respublikada birinchi o'rinda turishi bilan bemalol maqtanishi mumkin.
     10. Surxondaryo viloyatining tabiati Respublikada yagona bo'lsa kerak. Bu yerda uchraydigan noyob jonivorlar boshqa yerlarda uchrashi mahol. Viloyatda joylashgan "Surxon" davlat qo'riqxonasi ham bu gapimizning isboti.
     11.Toshkent. Yurtimizning ostonasi. Behazil, ostonasi tillodan yurtda yashaymiz o'ziyam.
     12. Xorazm. Bu ham alohida mavzu, aslida. Butun dunyoga maktab yaratib bergan Al-Xorazmiy bobomizning yurti.
     Ana, har bir viloyatning ta'rifini eshitib yaxshi ko'rib qolmay ilij yo'q. Xo'sh, qay birini tanlasam ekan? Birini aytsam, birini ko'zim qiymaydi...
    Topdim!
    Men— mahalliychiman! Men yashaydigan yurtda har biri bilan faxrlansa arziydigan o'n ikki viloyat bor!

Комментариев нет:

Отправить комментарий