Qo'rqitma, bolam, ketmagin mendan,
Sensanku axir, umrim mazmuni.
Umrim - bu sen, hayotim - o'zing,
Sensiz yashab netaman uni?
Ketmagin bolam, yoshsanku juda,
Hali "Dadajon", ham deganing yo'q-ku?!
Dunyoga kelmading axir behuda,
Meni yig'latmoqqa kelganing yo'q-ku?!
Yig'lama, bolam, sen yig'lasang agar
Mening ko'zlarim yoshlarin to'kar.
Sen sabab alifday tik turgan qaddim
Yig'lasang, misoli doldayin cho'kar.
Aytaqol bolam, poksanku axir
Seni yig'latgan qaysi bir aybim?
Ne jazo kelsa, mana men borman
Joning og'risa, og'riydi qalbim.
Men uchun, bolam, va onang uchun
Yuzlarga kirmoqdan o'zga chorang yo'q.
Umringni so'ragan parvonang uchun
Bu dardni yengmoqdan o'zga chorang yo'q!