—Sulton, yigitlar huzuringga kirishni xohlashyabdi.
Sulton hayron bo'lib, soatiga qaradi. Ish vaqti tugagan, allaqachon tarqalib bo'lgan bo'lishlari kerak edi bu vaqtda.
—Tinchlikmikan? Kiraverishsin.
Mardon bosh 4-5nafar yigit ichkariga kirishdi.
—Tinchlikmi, Mardon? Nima bo'ldi, biror muammo bormi?
—Tinchlik, aka. Bir narsani o'ylab o'yimizga yetolmayabmiz. Xurmatsizlik bo'lsa ham o'zingizdan bilishni xohladik.
—Nega xurmatsizlik bo'larkan? Aka-uka emasmizmi? Nimani o'ylayabsizlar, bemalol gapiraveringlar.
Mardon bir muddat tin olib aytadigan gaplarini xayoliga jamlab oldi-da, so'z boshladi.
—Sulton aka, bilasiz, biz sizga har doim sodiq bo'lib kelganmiz, bizni og'ir kunlarimizda ish bilan ta'minlagansiz. Sizni akamizdek ko'ramiz. Shunday ekan, ukalaringizning odobdizliklarini to'g'ri tushunib, kechirasiz, degan umiddamiz.
—Boshingni tik tut, Mardon. Hafagarchilik ham yo'q, odobsizlik ham. Bemalol davom etaver.
—Aka, mana, Nozim akamlarning qasolarini oldik, ularning qotillarini yo'q qildik. Shunga ham 1haftadan oshdi. So'raydiganim, biz endi nima qilamiz? Bizning yo'limiz qaysi? Asosiy, yagona dushmanimizni yengdik. Endi-chi?
Sulton o'ylanib, biroz jim turdi, keyin ularga tushuntira boshladi.
—Ukalarim, nahotki, siz o'zingizni, hammamizni kichkina odam deb o'ylagan bo'lsangiz? Nahotki, bu ishlarga Nozimning qasosini olish uchungina kirdik, deb o'ylasangiz? To'g'ri, yashirmayman, Nozimning xunini olmasam bo'lmasdi. Uddalagandan keyin biroz xotirjam bo'lganim ham rost. Lekin bu ishlardan asosiy maqsadimiz Nozim uchungina emas, umuman, nohaq zulmga uchragan, nohaq qoni to'kilgan har bir vatandoshimiz uchun qasos olish edi! Nozim mening akamdek bo'lsa-da, uning o'rnida boshqa inson bo'lganida ham shu ishlarni qilardim. Endi bundan buyog'iga bizning ishimiz qiyinlashib, dushmanlarimiz ko'payib boraveradi. Oldin bizga katta dushmandek ko'ringan o'sha Shef deganlari ham aslida mayda chuvalchang ekanligini ko'rmadingizmi? Endi uni xo'rak qilib qarmoq tashlagan kattaroq ovchi bizga dushman bo'ldi. Unutmang, bizning o'zimiz uchun belgilab olgan yo'limiz bitta: Millatni, Vatanni har qanday qora kuchlardan himoya qilish va bu yo'ldan hech qachon bir qadam ham og'ilmaydi!
Sulton shularni aytib, yigitlarga birma-bir qarab chiqdi.
—Sulton aka, bizni kechiring, o'sha kungi mahkama operatsiyasini qilayotganda, militsiya nomidan ish qilayotganda ko'nglimizdan o'tgan shubha-yu gumonlar uchun kechiring!
—Mana, tanlagan yo'limizni bilib oldinglar. Bundan keyingi shubhalar kechirilmaydi. Endi esa, uyingizga boring. Ertagacha!
Yigitlar ketgach, Murod Sultonning qarshisiga kelib o'tirdi. Stakanga suv quyib, bir ho'plab olib Sultonga qaradi.
—Bundan buyog'iga kechalari qo'riqchi qo'yishni yo'lga qo'ysak bo'larmidi? Har holda, endi oldingidek hammaga do'st emasmiz.
—To'g'ri aytasan. Ertagayoq shuni tashkillashtir. Bugun mayli, yigitlarni ortga qaytarmay qo'ya qolaylik.
—Bo'pti, unda men ham ketdim. Sen ham endi bu yerda tunashlarni yig'ishtirsang bo'lardi. Ketdik, uyinga tashlab qo'yaman.
—Qo'yaver, chala qolgan ishlarim bor, o'shani bitiray, bo'lmasa, uyga borganim bilan ko'zimga uyqu kelmaydi baribir. Sen boraver, ertagacha.
—O'zing bilasan. Mayli, ertagacha.
Murod ketgach, Sulton xonalarga kirib, birma-bir aylanib chiqa boshladi. Eng oxirgi xonani ko'zdan kechirib chiqqan ham ediki, yo'lakdan nimaningdir chirsillagan ovozi eshitildi. Sulton tezda ovoz kelgan tarafga qaradi. Kimningdir sharpasi lip etib yo'lakdagi devorga biqinib oldi. U taraf qorong'u bo'lgani uchun faqat sharpa, u ham g'ira-shira ko'rinardi. Sulton belidan to'pponchasini chiqarib o'qladi va sekin o'sha tarafga yura boshladi. Negadir sharpa heh qayerga qochmas, go'yoki, Sultonni ko'rmayotgandek edi. Oralarida atigi bir necha qadam masofa qolganda orqadan, hovlining bu boshidan yana boyagidek chirsillagan tovush chiqdi. Aftidan, uning e'tiborini tortish uchun atayin allaqanday temir buyumni yerga tushirib yuborishardi. Sulton bu yerda qandaydir tuzoq borligini tushunib, o'sha tarafga o'q uzmoqchi bo'ldi. Nishonga olib, endigina tepkini bosmoqchi bo'lgandi, yonginasidagi boyagi notanish kimsa "Qurolingni tushir!", deb qoldi. Sulton qurolini u tarafga qaratdi.
—Kimsan? Nima istab kelding makonimga?
—Qurolni tushir. Senga ziyon yetkazishni xohlasak, quroling ham yordam bermaydi.
Notanish kimsa shunday deb, qorong'ulik qa'ridan chiqib keldi.
—Men bir mehmonman, mehmonni qurol bilan qarshi oladilarmi?!
U shunday do'stona bir ohangda gapirdiki, Sulton beixtiyor to'pponchani tushirib, beliga joylab oldi.
—Kimsan?
—Bizni tanimaysan. Lekin bizning kattamiz seni tanishni xohlayabdi. Biz bir elchimiz.
—Kattang kim? Nega meni tanigisi kelib qoldi?
—Sen bizga tegishli bo'lgan odamni o'ldirding. Bizning buyrug'imiz bilan o'lgan odam uchun xun olding. Aslida, seni Sharifning ortidan tushganingdayoq yakson qilmoqchi edik. Kattamiz oxirigacha kuzatishni istadi. Sharifni qo'lga olish uchun amalga oshirgan operatsiyang sening biz bilan ishlashga loyiq ekanligingni ko'rsatdi.
—Nozimni nega o'ldirtirdilaring?!
—O'zi yashashni istamadi. Biz unga qayta-qayta imkon berdik. U hech biriga hatto, qarab ham qo'ymadi. Eski gaplarni unut. Biz sening odamingni o'ldirdik, sen esa bizning. Bizningcha, oramizda qarzdorlik qolmadi.
—Nima istaysan?
—Ko'p narsa emas. Shunchaki, bu yerlarning eng kattasi tarafda bo'l, deyabmiz.
—Hech qachon zulmga sherik bo'lmayman! O'sha kattangga ham yetkaz, qo'lidan kelsa, jonimni olsin, ammo hech qachon bu maqsadiga yetolmaydi!
—Axmoq ekansan! Sen bizga hech kim emassan. Sendek mard yigitning behuda o'lib ketishini istamagandik. Nachora, xohish o'zingda. Omon bo'l!
U shunday deb, xotirjam qadamlar bilan yurib, asosiy darvozadan chiqib ketdi. Sultin hayron qolgani, u ketishi bilan uch yigit hovlining turli burchaklaridan chiqib, notanish kimsaning ortidan chiqib ketishdi.
"Bular kim ekan? Shunchalik kuchlimi? Zo'r bo'lsa, o'ziga. Biz hech kimdan qo'rqmaymiz!"
Sulton shularni o'ylab, telefonda Murodga tezda ofisga yetib kelishini tayinladi. O'zi xonasiga kirib uni kuta boshladi. O'n-o'n besh daqiqalar chamasi vaqt o'tgach, xonaga Murod to'pponchasini qo'lida ushlagan holda kirib keldi. Sultonni ko'rib, "xudoga shukr", dedi-da, ro'parasiga o'tirdi.
—Bu yerda nima bo'ldi? Hovlidan ikkita o'q topdim? Bizning o'qlardan emas. Kim keldi?
—O'q ekanmi? Sezgandim o'zim ham.
Sulton bo'lib o'tgan voqealarni unga so'zlab berdi. Murod uni tinglarkan, qoshlari chimirilib, yuzi jiddiy tortib borardi.
—Ko'rinishi esingda bo'lsa, ayt, uni topaylik. Manzilini aniqlaylik.
—Yo'q, menimcha, ular o'zlari birinchi xamlani boshlashadi. Agar allaqachon boshlab bo'lishgan bo'lmasa.
—Lekin bunday qo'l qovushtirib kutolmaymiz-ku?!
—Ko'p kutmasak kerak. Sen shoshilma, oldin ular qilgan ishni ko'raylik, kuchlariga baho beraylik. Barcha yigitlarni to'pla. Yaxshilab tayinla, ehtiyot bo'lishsin. Boya aytgan qo'riqchilik tizimini ham bugundan kechiktirma. Bugun elchi bo'lib makonimizgacha kirishdi. Dushman bo'lib kirisholmasin.
Murod Mardonga qo'ng'iroq qilib, hammani to'plashni buyurdi. Hamma yig'ilgach, Mardon xonaga kirdi.
—Sulton aka, markazdagi do'konimizni bosishibdi. Hech narsa olinmagan lekin hamma narsa yaroqsiz holga keltirilgan. Qo'riqchilikda turgan ikki yigitni o'ldirib ketishibdi. Birining jasadi shu yerda, ikkinchisiniki yo'q. Ammo atrofda qon dog'lari bor.
Murod sakrab o'rnidan turib ketdi.
—Ifloslar! Asosiy daromad keladigan yo'limizni buzishibdi!
Sulton esa, qattiq g'azablanayotgani sezilib tursa-da, ancha o'zini bosib turardi.
—Qo'riqchilikda kim turgandi?
—Ali bilan yangi kelgan bir yigit. Aynan Alining jasadi topilmadi.
—Hech kim shoshma-shosharlik qilib biror muammo orttirmasin. Nima qilishni o'zim aytaman. Ungacha fursat poylaymiz.
—Ho'p bo'ladi.
Mardon chiqib ketib, xonada Sulton va Murod ikkovlari qolishdi. Murod asabiylashib xona ichida u yoqdan bu yoqqa yurar, Sulton esa, bir nuqtaga tikilgancha jim o'tirardi.
—Sen bunday xotirjamligingni ko'rib, battar tutaqib ketyabman! Nega hech nima qilmay kutamiz?! Nega endi makonlarini aniqlab bora olmas ekanmiz?!
—Seni tushunaman, Murod, lekin meni ham tushun. Men ham hursand emasman. O'z fursatimizni poylamasdan harakat qilsak, yutmaymiz. Birinchi o'qni ular otishsin.
—Makonimizga hurmatsizlarcha bostirib kirib o'q tashlab ketishdi, asosiy daromad manbaimizni vayron qilishdi, ikki yigitimizni o'ldirishdi, yana qanday o'qni kutyabsan, Sulton?! Hammamizni kelib otishlarinimi?!
—Ho'p, nima qilishni istaysan? Mayli, bor, makonlarini aniqla! Kerak bo'lsa barcha yigitlarni to'plab makonlarini bos, keyinchi? Bekorga borimizdan ayrilganimiz qoladi. Hammani to'plab borsak ham, ularning kattasining shaxsiy qo'riqchilariga tenglashsak kerak. Murod, ular Shefga o'xshaganlar emas! Ochiq jangda ularga teng kelolmaymiz. Reja bilan ish yuritish, kerak bo'lsa, hiyla ishlatish kerak.
—Nahotki, birorta ham nozik joylari bo'lmasa?
—Nozik joy hammada bo'ladi. Eng kuchlilarning nozik joyi ularning kuchliligida bo'ladi.
—Biror reja o'yladingmi?
—Ularga kutmagan taraflaridan kichik, davomli zarbalar berish kerak. Hozircha o'ylaganim faqat havfsizlikni ta'minlash. Yigitlar eng asosiy joylarimizda ikki qavatli himoya tizimi hosil qilishsin. Birinchi qavat mahfiy bo'lsin. Ichkariga o'tib ketgan dushmanga orqadan hujum qilishadi.
Sulton shularni aytib, xayoliga kelgan fikrdan jonlanib ketdi.
—Menda reja bor!
—Qanday reja?
—Murod, sen bilan biz dushman bo'lsak, mening hamma narsamni bilsang, asosiy nuqtamni himoya qilish uchun bor kuchimni o'sha yerga yo'naltirsam, sen nima qilarding?
—E'tibordan chetda qolgan kichik nuqtalaringdan bosib kelaverardim.
—Yasha! Ular ham shunday qilishlariga shubha qilmayman. 5ta eng sara yigitlarni olib qol. Qolgan hamma mebel zavodda ikki, kerak bo'lsa, uch qavatli himoya qurib olsin. O'zlarini kuzatayotganini sezishsa, indashmasin. Shunday harakat qilishsinki, hamma kuchimiz o'sha yerga tashlangandek taassurot uyg'onsin.
—Agar zavodning o'zini bosishsachi?
—Bunday qilishadi, deb o'ylamayman. Katta ehtimol bilan, shu yerga kelishsa kerak. Biz shu yerda qolamiz. Bu yerdaligimizni sezishmasa bo'lgani.
Murod "Yaxshi", deb chiqib ketdi. Deyarli barcha yigitlar bir nechta mashinalarda qo'shni tumandagi ularga qarashli mebel zavodga yo'l olishdi. E'tiborni tortish uchun atay Murodning mashinasini qo'riqlab ketishdi. Choyxona ichidagi barcha chiroqlar o'chirildi. Bu yerda yetti kishi: Sulton, Murod hamda besh nafar eng sara yigitlar qolishdi. Ular yashirin orqa eshikdan chiqishdi va choyxona tashqarisidagi bog'ga joylashib olib kuta boshlashdi.
—Zavoddagilar bilan aloqa ta'minlanganmi?
—Ha, biror gap bo'lsa xabar berishadi.
—Yaxshi. Ulardan ko'nglim to'q, o'zimizning ehtiyotimizni qilishimiz kerak.
—Aynan bugun hujum qilishlarini qayerdan bilasan?
—Biz ularga dushmanmiz. Ular kabi kuchli, lekin qo'rqoq odamlar dushmanlari bo'lishini hush ko'riahmaydi. Imkon bo'ldi, deguncha xamla qilishadi. Bugun bo'lmasa, ertaga. Ishqilib, shu yerda sezdirmay kutish— yagona choramiz. Zavoddagi yigitlarga ayt, har yarim soatda vaziyatdan xabardor qilib turishsin.
Ular shu zaylda dushmanni kuta boshladilar. Vaqt o'tishi nihoyatda qiyinlashib borardi. O'tayotgan har soniya vaqt ularni, garchi, sir boy bermasalarda, umidsizlik sari yaqinlashtirardi. 3-4soatlardan keyin asta tong yorishib kelaboshladi. Murod Sultonga savol nigohi bilan qaradi.
—Kun yorug'ida qolish— mantiqsizlikning o'zginasi. Ichkariga kiramiz. Rejamiz hali o'zgarmadi, sezdirmay kiringlar.
Ular birin-ketin yashirin eshik orqali ichkariga kira boshlashdi. Sulton va Murod ofisga, qolganlar boshqa xonaga kirishdi. Bog'dan oxiri kirgan yigit Sultonning huzuriga kirdi.
—Sulton aka, ichkariga kirayotganimizda qandaydir sharpani sezdim. Adashmasam, bog' ichiga kirib ketdi.
—Nega darrov aytmading?
—Adashayotgan bo'lishim ham mumkin edi. Qolaversa, ularni cho'chitib yuborish bizga foyda bo'lmasa kerak, deb o'yladim.
—Nimaning hisobiga bunday ishonch bilan gapiryabsan? Balki ko'rganingni ham bilib, allaqachon rejamizni kattasiga yetqazgandir?
—Bunday deb o'ylamayman. Menimcha, rejamizdan avvaldan xabardor bo'lishgan. Bular esa, aftidan, ertaga tunda yana boqqa kirganimizda bizni yo'q qilishmoqchi. Bog' ichiga kirib ketishdi, qo'llarida yegulik solingan xalta bor edi.
—Bu ifloslar qayerdan bilishdi ekan rejamizni? Sen chiqaver, birozdan keyin yangi rejani eshitasizlar.
Sulton shu lahzada katta mas'uliyatli ish ustida turganini his qildi. Kichik bir xato ham bu yerdagi hammaning jonini xatarga qo'yishini o'ylardi.
—Nima qilamiz? Bog' ichiga yurish qilamizmi?
—Yo'q, ularga rejalarini amalga oshirishlari uchun kichik imkon beramiz. Ko'ramiz, eplasharmikin. Ertaga tunda huddi bugungidek bog' ichiga kiramiz. Farqi— bu safar dushman yashirinib yotgan bog'ga. Shundan kelib chiqib, ehtiyotkorlikni oshirish kerak. Bog' ichiga kirganda katta-kichik yo'q— har birimiz birinchi o'lja bo'lishimiz mumkin. Birortamizga hujum bo'lishi bilan belgi beramiz, hamma o'sha yerga yordamga boradi. Yigitlarga ham rejani o'zim tushuntiraman.
Sulton Murodga qo'shilib, hovliga chiqdi. Yigitlarga birma bir qarab chiqib, rejani tushuntira boshladi. U shunday ohangda gapirardiki, tinglayotganlarda ham o'ziga ishonch hissi oshib borardi. Bugun tunda bo'ladigan urushda yutib chiqish endi nafaqat Sulton va Murod, balki, bu yerdagi har bir yigitning asosiy maqsadiga aylandi...
Бу блог орқали қандай мавзуни ёритишим, нима ҳақида ёзишимни, рости, ҳали ўзим ҳам билмайман. Шунчаки, Бир кўнгилдан бошқа кўнгил(лар)га йўлланган Мактуб деб қабул қилгайсиз...
суббота, 15 апреля 2017 г.
Qasos. 5-qism.
пятница, 7 апреля 2017 г.
Qasos. 4-qism.
Sulton tuzgan rejasi puxtaligiga ishonchi komil bo'lsa-da, ichida birozgina xavotiri ham yo'q emasdi. U guruh sifatidagi dastlabki urushidayoq mag'lub bo'lishni istamagani, buni haddan tashqari ko'p o'ylayotgani uchun rejani qayta-qayta ko'rib chiqar, yana bir necha favqulodda rejalar ham tuzib qo'yardi. Murodga har ko'zi tushganida "Yigitlarga tayinladingmi?", deb so'rashni kanda qilmasdi. Murod ham buni juda yaxshi tushunar, o'zi ham Sulton bilan deyarli bir xil hislarni boshidan o'tkazayotgandi. Nihoyat, kutilgan o'sha yakshanba kuni keldi. Sulton negadir bugun ancha xotirjam edi. Choyxona xizmatchilarining maxsus kiyimini kiyib olib, bir-ikki notanish mijozlarga xizmat ham qilib ko'rdi. U bugungi ishda g'olib bo'lishiga endi umuman shubha qilmasdi.
Tushlik vaqti o'sha, Boboy laqabli yigit xabar olgani keldi.
—E, aka, keling-keling, usta akamlar, qolganlar ko'rinishmaydi?
—Hozir kelib qolishadi, men o'tib ketayotgandim, bugun ziyofatning quyug'i borligini eslab, ko'rib ketay, kayf-u safoni qayerda qilishimizni, dedim.
—Zap ish qilibsiz, keling, qolganlar kelgunicha bir piyola choyimiz bor, yoki xonaga kirib turaverasizmi?
—Yo'q, ketaman,—shunday deb, Sultonni qo'lidan ushlab o'ziga yaqinlashtirib, sekin so'radi—parilar yo'qmi?
—Ularni aralashtirib nima qilasiz, aka? Qo'ysangizchi.
—Yo'q bo'lsa, o'zimiz olib kelamiz. Qizlarsiz ziyofat tatirmidi?
Sulton rejalari buzilib ketishini o'ylab, qancha qaytarishga harakat qilmasin, Boboy deganlari shuncha qattiq turib olar edi. Oxiri "Ho'jayindan baloga qolaman, bizda mumkin emas", deb qutuldi. O'ylashi bo'yicha Murod ho'jayin sifatida o'rtaga tushib, ruxsat bermasligi kerak edi. Lekin qizlar desa, o'zini tomdan tashlashga tayyorligi ko'rinib turgan bu axmoq sira ko'na qolmasdi.
—Bir kun ming kun emas, pulini ikki barobar beramiz,—deb chiqib ketdi.
Sulton va Murod u ketgach, bir-birlariga qarab qolishdi. Birinchidan, rejada, hatto, Sulton har ehtimolga qarshi tuzib qo'ygan favqulodda rejalarda ham bu narsa yo'q edi. Ikkinchidan, ishlaridan guvoh qolishi, qolib ham, pul uchun borini sotadigan fohisha qizlar guvoh bo'lib qolishi ularni o'ylantirib qo'ydi. Murodga qolsa, fohishalarni ham qo'lga olib, ularni ham yo'q qilishdan toymasdi. Sulton esa, bunday qilolmasdi. Uning uchun ayol kishiga, hatto, u dushman bo'lsa ham, kuch ishlatish isnod edi. Aksiga olib, yangi reja tuzish uchun ham juda kam vaqtlari qolgandi. Sulton o'ylab, bir qarorga kelib Murodga buyurdi:
—Militsiyaning formasini topinglar! Ularni formada bosamiz.
Sulton tabiatan yetakchilik xarakteriga ega edi. So'zini o'tqaza olardi. Bo'lmasa, birovga so'zini o'tqazish uchun kuch ham ishlatmaydi. Shunday ohangda gapirardiki, savollarga o'rin ham qolmasdi. Unga e'tiroz bildirishga faqat Murod jur'at qila olardi. Hozir ham ahunday bo'ldi.
—Nima deyayotganingni bilasanmi? Qayerdan topamiz?
—Bilmayman, istasangiz, biror militsionerning uyiga tushing, istasangiz, mahkamaga borib o'sha yerda favqulodda operatsiya o'tkazing, nima qilsangiz ham 2soatda olib keling!
—Qonunbuzarlarni ushlash uchun qonunni buzamizmi?
—Murod, meni hech kim tushunmasa ham sen tushunishing kerak. Sen tushunmasang, qolganlardan nima kutay? Endi biz uchun qonuniy-noqonuniy degan gap yo'q! Xaq bor, noxaq bor! Halol bor, xarom bor! Adolat bor, zulm bor! Tanlash imkoniyatimiz faqat shularning o'zi bilan cheklangan. Maqsadimiz qonunni himoya qilish emas, buni bizsiz ham eplaydiganlar bor. Maqsadimiz— jamiyatni, xalqni adolatsizliklardan muhofaza qilish! Biz davlat emasmiz, biz— Millatmiz!
Murod bu gaplarni eshitib, do'stining oldida hijolat bo'lib jim bo'lib qoldi.
—Endi ishga kirishinglar, vaqt juda ham oz! Xato qilishga ruxsat yo'q.
Oradan ikki soatdan oshiqroq vaqt o'tgach, Murod boshliq bir necha yigitlar ishni ortig'i bilan eplab, Sultonning yoniga qaytishdi. Sulton "Barakalla!", deb har birlarining yelkalariga qoqib qo'ygach, rejani tushuntira boshladi.
—Murod, sening vazifang o'zgarmaydi, xo'jayin sifatida seni tanishgan. Mardon, Umar, Ali, sizlar formani kiyib, belgi berishimizni kutasizlar. Yana bir-ikki sherik qo'shib olinglar, har ehtimolga qarshi. Ular fuqaro kiyimidagi hodim bo'lishadi. Rejaning qolgani o'zimda qoldi. Bir narsani esingizdan chiqarmang. Otishma bo'ladigan bo'lsa, avvalo joningizni ehtiyot qiling, lekin bu qo'rqoqlikka o'xshab qolmasin! Murod sizlarga kimni o'ldirish mumkin emasligini ko'rsatadi. O'shanisi tiriklay kerak, qolganlari bilan ishimiz yo'q. Qani, endi boringlar, Xudo yuzimizni yorug' qilsin!
Yigitlar chiqib ketishlari bilan choyxona darvozasi oldiga 4ta mashina kelib to'xtadi. Ulardan birida to'rt nafar qiz o'tirishardi. Odatdagidek, avval Boboy tushib, ichkariga kirdi.
—Keling, aka, kutib ko'zlarimiz to'rt bo'ldi-ku.
Sulton mashinalarga qarab olib, Boboyga sekin gapirdi.
—Aka, shu qizlar kelishganiga ko'nglim g'ashroqda. O'zi qizlar aralashgan ish nuqul falokat bilan tugaydi.
—Sen cho'chima, biz katta odamlarmiz. Bizning falokatimiz yo'q. Biz falokat keltiruvchilarmiz.
Shunday deb, Boboy go'yoki o'ta bir falsafiy gap aytgandek, gapi o'ziga yoqib ketib miriqib kulib oldi. Keyin tashqariga chiqib, sheriklarini xonaga boshlab kirdi.
—Aka, qo'riqchi yigitlar ham kirishsa bo'lardi, e'tiborni tortishmagani yaxshi. Alohida boshqa xona ham tayyorlab qo'yganmiz.
—Yaxshi, ular ham dam olaqolishsin.
Boboy xotirjamlikka berilib havfsizlikni ham esiga olmay qo'ydi. Barcha "mehmon"lar kirib joylashib, maishatni boshlab yuborishdi. Xizmatchilar ichkariga bemalol qatnab, dasturxon kam-ko'stiga qarab turishdi. Asosan, aroq ustma-ust kirib turardi, bir zumda hammalari shirakayf bo'lib qolishgandi. To'rt qiz xona o'rtasida ehtirosli harakatlar bilan behayo raqsga tushishni boshlab, ularning xayollarini butkul o'g'irlashgan vaqt Sulton Murodga "vaqt bo'ldi!" ma'nosida ishora berdi. O'z navbatida, Murodning ishorasi bilan ko'chaga qaragan xonaning chirog'i ikki marta o'chib yondi. Bu tashqarida fursat poylayotgan "militsiya hodimlari" uchun ishora edi.
Biroz vaqt o'tgach, militsiya mashinasining sirenasi eshitildi.
Yig'ilganlar, ayniqsa, Shefning hushi boshidan uchib, kayfi bir zumda tarqab ketdi.
—Nimlar bo'lyapti?! Bu militsiyaning nima ishi bor bu yerda.
—Aka, qizlar haqida kimdir xabar bergan ko'rinadi, shunga qarshi. Sizlarku, qutulib ketasizlar, bizga jabr endi. Sizlar shu yerda kutib turinglar men hozir.
Sulton tashqariga chiqqach, bir daqiqa ham o'tmay, militsionerlar qurol o'qtalib xonaga kirib kelishdi.
—Joyingizdan qimirlamang!
—O'rtoq komandir, biz dam olib o'tiribmiz, nega tinchimizni buzyabsizlar?
—Ovozingni o'chir! Savolni biz beramiz! Qo'lga oling hammasini!
—Xaqqingiz yo'q! Qaysi qonunni buzibmizki, qo'lga olasizlar?!
—Bu yerda qo'shmachilik bilan shug'ullanilishi qonun buzilishi emasmi?
—Unda choyxona egalarini bosinglar! Biz oddiy mijozmiz xolos! Taklif qilishdi, yo'q demadik.
—Qolganini mahkamada gaplashamiz! Olib chiqing hammasini!
To'rt qiz olib chiqib ketilgach, xonaga Sulton kirib keldi
—Qaysi qonunni buzdik, deb so'rayabsanmi? O'zi qanday qonun haqida gapiryabsan?! Sen uchun qonun faqat huquqmi? Majburiyatga kelganda ahamiyatsizmi?
Shef hang-u mang bo'lib qoldi.
—Iflos! Kimsan?! Kimga ishlaysan?
—Men Millatman! Hech kimga ishlamayman! Ishim sendek bezorilarning dumini tugish!
—Bizni tuzoqqa tushiradigan kuch yo'q! Otinglar hammasini!
Xonada kichik otishma boshlanib ketdi. Lekin Shefning yigitlaridan faqat bir necha kishi qolgan, boshqalarning qo'li allaqachon qayrilib, kishan solinayotgandi. Shuning uchun uzoq davom etmagan otishma ular tarafdan uch kishi o'lishi bilan tugadi.
—Boboy! Tashqaridagi yigitlar qani?!
Xonaga Murod kirib kelib, Sultonga "hammasi joyida", ishorasini qildi.
—Baqir-chaqir qilma! Yoningda hech kiming qolmadi. Endi ko'ramiz, orqangda kim bor ekan.
—Orqamdagilar avlodlaring bilan yo'q qilib yuborishadi! Bittang ham tirik qolmaysan!
—Kim o'lib kim qolishini ko'ramiz. Afsus, sen ko'rolmaysan-da,—Sulton shunday deb, yigitlariga buyurdi,—olib chiqinglar hammasini!
Hammalari chiqib ketgach, Murod ikki yigit bilan qaytib kirdi.
—Hammayoqni tozalab, tartibga keltirib qo'yinglar.
—Qizlarni nima qilaylik?
—Men sizlarga tozalab qo'yinglar, dedim. Ular ham ifloslikning bir ko'rinishlari, aslida.
Murod xonaga kirganida Sulton bamaylixotir choy ichib o'tirardi.
—Ularni nima qilmoqchisan?
—So'roq qilib, keyin yo'q qilamiz.
—Yaxshi, faqat bu yerda emas. O'q ovozini eshitishgan. Istalgan payt bu yerni militsiya bosishi mumkin.
—Ma'qul, unda boshqa joy top. Bu yaramasni o'zim so'roq qilaman. Ha, aytgancha, bir diktofon ham bo'lsin. Nozimning xotini bu ablahning iqrorini eshitishi kerak.
Soat tungi 1dan o'tganda boshqa joyga ketishdi. Choyxona huvillab qoldi. Hech kim bu yerda bir necha soat oldin otishma bo'lganligiga ishonmasdi. Mabodo militsiya kelgan taqdirda ham, tashqarining o'zidanoq "noto'g'ri ma'lumot berishibdi" deb qaytib ketishi hech gap emasdi.
Tergov Murodning taklifi bilan mahalla tashqarisidagi tashlandiq bino ichida bo'ladigan bo'ldi. Bir zumda Shefning qo'l-oyog'i bog'lanib, katta xona o'rtasidagi stulga o'tqizib qo'yildi. Hamma narsa tayyor, faqat Sulton va Murod kelishi qolgan edi. Ular kelgach, tergov ham darrov boshlandi.
—Ho'sh, Shef, bir boshdan gapirchi, Nozimni nega o'ldirding? Avvalo aytib qo'yay, gapirsang oson o'lasan. Bo'lmasa, o'limingni so'rab yalinasan! Senda o'liming oldidan hammasini aytib, gunohlaringni yengillatish imkoni bor!
—Men hech narsani bilmayman. Nozim deganingni ham taniayman!
Murod ishora bergandi, yigitlardan biri Shefning yuziga o'xshatib musht tushirdi.
—Bu eng yumshoq muomalamiz, bilib qo'y. Odamga o'xshab gapir!
—O'ldirib yuborsang ham tanimayman. Menga buyruq berishdi, bajardim. Bu atroflarni mendan yaxshi biladigan yo'qligi uchun menga berishdi.
—Kim berdi?
—Bilmayman. Bir kuni chaqirishdi, suratini ko'rsatishdi, o'lsin, deyishdi.
—Qayerga chaqirishdi?
—Ko'zim bog'langan edi. Hech narsa bilmayman. Senga birgina yordamim tegishi mumkin. Shu kunlarda navbatdagi buyruq chiqishini bildirishgandi. Men bilan aloqaga chiqishlari kerak. Qo'yib yuborsang, bu safar hushyorroq bo'lub, joylarini bilib olaman.
—Afsus, sen o'lmasligi ayb bo'lgan bir kishisan. Sening tirigingdan o'liging bizni ko'proq manzilga yaqinlashtiradi.
Sulton shunday deb, beliga qistirilgan to'pponchani chiqarib, Shefga to'g'riladi. Xona ichi bir lahza yorishib, o'q ovozi jaranglab ketdi.
—Murod, buning jasadini Nozim topilgan joyga olib borib tashla. Yigitlar o'sha atrofni sezdirmay kuzatuvga olishsin. Kattalari kuchli bo'lsa, ishoramizni tushunib, qarshimizga chiqishadi...
суббота, 1 апреля 2017 г.
Qasos. 3-qism
Sulton otasidan juda erta ayrilgani uchun ro'zg'orning barcha yuki uning bo'yniga tushgandi. O'zi maktabda endigina 4-sinfda o'qir, singlisi esa juda kichkina edi. Peshonalaridagi bittagina sigirning suti kunlariga yarab turardi. Onasi sutning bir qismini uyga olib qo'yar, qolganini mahalladagi kichik bozorchaga olib chiqib sotardi. Yagona daromad manbai shu edi. Yetmaganiga undan-bundan qarz-havola ko'tarib, bir amallab kun o'tqazib yashashardi. Avvaliga, "Sen o'qishing kerak", deb, ishlatmagan onasi, keyinroq, qarz berganlar eshik qoqa boshlaganida ming hijolat bilan Sultonning ishlashiga ruxsat berdi. Sulton o'shanda 6-sinfga o'tib, yoshgina boshiga nisbatan anchagina ulg'ayib qolgandi. Shu yosh holida ham, otasining o'rnini butkul to'ldirish imkonsizligini bilsa-da, oyisi, singlisinining yaxshi yashashi uchun harakat qilishi kerakligini tushunardi. Avval sinfdoshi, yaqin o'rtog'i Murod bilan bozorlarda odamlarning yukini ko'tarishib choychaqa ishlab yurishdi. Keyinroq o'zlaridan yoshi katta bo'lsa-da, o'rtoq bo'lib ketgan Nozimning taklifi bilan ularning uyida dadasi Qosim akaga qarashib, nonvoylik qila boshlashdi. Qosim aka otasiz katta bo'lish qanaqa bo'lishini bilganigami, o'g'lining do'stlariga mehr, oqibatini ko'rib iyib ketibmi, xullas bu ikki yigitchani bajonidil qabul qilib, o'z o'g'illaridek ko'ra boshladi. Sulton uyda Qosim akaga non pishirishda yordamlashar, Murod esa, ularni aravachaga joylab, bozorda sotib kelardi. Qosim aka ularga yaxshigina xaq to'lab, kuniga 4-5ta non ham berib yuborardi. Oradan vaqt o'tib, Sulton oilasining moddiy ahvolini ancha o'nglab oldi. Qarzlardan birin-ketin uzilib, singlisining ham hech narsaga muhtoj bo'lmay o'qishini ta'minladi.
Bir kuni Qosim aka tushlik ovqatdan keyin o'rnilaridan turib, ishga kirishmoqchi bo'lgan Sulton va Murodni o'tirishga undab, gap boshladi.
—Bolalarim, mana, ikkingiz ham katta yigit bo'lib qoldingiz, ro'zg'oringiz ham ancha but, kam-ko'sti bo'lsa, men borman.
Sulton va Murod bir-birlariga qarab olib, jim bo'lib qolishdi.
—Endi, buyog'iga o'qishga kirishsangiz ham bo'ladi. 2yil o'qishdan qolib ketgan bo'lsangiz ham, zehnli bola ekanliklaringizni bilganim uchun, astoydil kirishsangiz, tengdoshlaringizga yetib olishingizga ishonaman. O'qinglar, katta odam bo'linglar. Qolganidan xavotir olmasangiz ham bo'ladi, ro'zg'oringizga o'zim qarashib turaman.
Murod tabiatan ancha kamgap, biroz tortinchoq bo'lgani uchun jim o'tirardi. Sulton ikkovlarining o'rniga javob berdi.
—Qosim amaki, shusiz ham bizga ko'p yaxshiliklar qildingiz, butun umr minnatdormiz sizdan. Vaqti kelib hamma yaxshiliklaringizni qaytaramiz, nasib bo'lsa.
Qosim aka uning gapini bo'ldi.
—Qaytaramiz deganing nimasi? Qaysi ota farzandi qaytarsin, deb yaxshilik qiladi?! O'g'lim, ikkalangizni ham Nozimdan kam ko'rmayman. Shuning uchun u o'qib, sizlar ishlayotganingizga vijdonim qiynalyapti.
—Rahmat, amaki. Biz ham kecha shu haqida gaplashgandik. Ochig'i, ikkalamizning ham o'qigimiz yo'q endi. Ancha kech bo'lgan, deb o'yladik. Bizning o'rnimizga ham Nozim o'qisin, shuning o'zi yetadi.
—Mayli, o'zingiz bilasiz, lekin bir narsani rad qilishga xaqqingiz yo'q. Meni yaxshi ko'rsangiz, hursand bo'lishimni xohlasangiz, qabul qilasiz.
—Nima, amaki?
—Shu desangiz, mahallamiz boshida kichkina do'koncha ochgandim, xabaringiz bor. Mendan keyin Nozim boshqarsin, degan niyatda. Endi esa, o'g'lim 3ta bo'ldi. Qolaversa, Nozimning o'qishi bitgunicha ancha bor. Shu do'konchani sizlar yuritasizlar. Savdo-sotiqda pishiqsizlar, qolgan narsalarni o'zim o'rgataman asta-sekin.
—Amaki...
—Aytdim, meni yaxshi ko'rsangiz, deb. Bo'lmasa, o'zingiz bilasiz,—Qosim aka o'zigagina yarashadigan nimtabassum bilan bolalarga qarab turardi,—yo meni yomon ko'rasizlarmi?
—Mayli, Nozim o'qishni bitirgunicha ishlab turamiz. Bitirib kelganida o'zi ishlayveradi. Rahmat, amaki. Sizni juda ham yaxshi ko'ramiz.
—Mana bu yigitning gapi bo'ldi. Qani, endi turdik, odamlar nonimizni kutib qolishmasin a?
Qosim aka dasturxonga fotiha tortib, o'rnidan turdi. Bolalar ham turib, ishga kirishib ketishdi.
Ertasi kundan boshlab Sulton va Murod do'konga bora boshlashdi. Avvaliga, do'kon sotuvchisdan oldi-sotdi, muomala madaniyati va boshqa narsalarni o'rganib yurishdi. Keyinchalik Qosim akaning o'zi ularga savdo-sotiqning nozik sirlarini o'rgatdi. Tengdoshlari maktabni bitirib, oliygohlarga hujjat topshirib yurishganda bu ikki yigit do'konni to'laligicha o'z boshqaruvlariga olishgandi. Endi ikkovlarining ham topishlari yaxshi, ro'zg'orlari ham but edi. Mahalla ahli ham bu ikki bo'z yigitning halolligi, shirinso'z-u, to'g'ri amalliligi uchun ularga mehr qo'yib, nuqul alqab duolar qilishardi.
Nozimning o'qishi bitadigan yili Murodning onasi qattiq betoblanib qoldi. Shifokorlar "Bizda hali bu kasallikni davolash uchun yetarli tajriba ham, sharoit ham yo'q, chet elda davolash kerak", deyishdi. Murod onasini davolatish uchun Moskvaga olib ketdi. Sulton ishlarga qarab shu yerda qoldi. U Nozimning o'qishi bitishiga oz qolgani sayin, garchi, Qosim aka hech narsa demasada, do'konni Nozimga berish kerakligini, o'zlariga boshqa ish topishlari kerakligini ko'p o'ylardi. O'ylab-o'ylab, mahalla chetidagi tashlandiq bog'cha ichidagi binoni, uning atroflarini ta'mirlatib, epaqaga keltirdi. Ko'rgan ko'zni quvontiradigan bog', odamning havasini keltiradigan bino bitgach, shu yerda mahalla ahli uchun choyxona ochdi. Sulton allaqachon ko'pchilikning hurmatiga sazovor bo'lgani uchun, mijozlari ham tezda ko'paya boshladi. Hatto, qo'shni mahallalar-u, tumanning turli joylaridan ham mijozlar kela boshladi.
Bu orada Nozimning o'qishi bitib, qaytib keldi. Sulton Qosim akaga aytib, yo'q deyishiga qaramay, do'konni Nozimga berdi. Qosim aka ham ko'p qistamadi, Sultonning o'zi boshlagan ishlari ham yurisha boshlaganini ko'rib, rozi bo'ldi.
Murodning onasi Moskvaning eng tajribali shifokorlari muolaja qilishiga qaramay, tuzala olmadi. Hastalik o'tib ketgan ekan. Moskvadan qaytib kelib, onasini oxirgi yo'lga kuzatgach, Murod butkul boshqa odamga aylanib qolgandek edi. Endi uni pul, boylik degan narsalar qiziqtirmas, nihoyatda kamgap va bir oz jizzakiroq bo'lib qolgandi. "Boylikning ozgina bo'lsa ham foydasi bo'lganida, onamni saqlab qolardim", deb o'ylardi. Sulton qanchalik qistamasin, Murod yangi choyxonada sherikchilikda ishlashni istamadi. "Nima qilsang qil, nima desang de, menga onamning hayotini saqlab qololmagan boylik kerak emas", dedi. Sulton do'stining fe'lini yaxahi bilgani uchun boshqa indamadi. Oradan bir necha kun o'tib, Murod ancha o'ziga kelib qolganidagina bir amallab hech bo'lmasa, yordamchi-boshqaruvchi bo'lishga ko'ndirdi. "Bunday yurib bo'lmaydi, ishlar bilan o'zingni chalg'itib yurmasang, biror hastalik orttirib olishing ham hech gap emas", dedi. Ular yana avvalgidek birga ishlay boshlashdi. Oradan vaqt o'tib, choyxona hududini ham kengaytirishdi. Ishning har qanday mayda tuyulgan qismiga ham qattiq e'tibor berishganidan, xizmatchi yigitlarni ham saralab, har tomonlama tayyorlarinigina ishga qabul qilishardi.
O'qishdan qaytganining ikkinchi yili Nozim uylandi. Oldin deyarli har kuni choyxonaga kelib, ukalari, do'stlari bilan gurunglashib ketishni odat qilgan Nozim, to'yidan keyin o'zidan, ro'zg'oridan ortmay qoldi. U ham endi ishining ko'lamini kengaytirib, tumanning turli joylarida bir nechta do'konlar ochdi.
Bir kuni Sulton odatdagidek, choyxonada mahalla keksalari bilan suhbatlashib o'tirganida qo'shni mahalladan bo'lgan bir kishi keldi.
—Assalomu alaykum, yaxshimisizlar? Shahrga ketayotgandim, bir piyola choy ichib ketay, degandim.
—Keling, aka, keling. Istasangiz, shu yerga o'tiring, nima buyursangiz shu yerga olib kelib berishadi, otaxonlar bilan suhbatlashib o'tirasiz.
—Yaxshi bo'lardi, o'zim ham rosa to'lib turgandim.
U ko'p ham tortinib o'tirmadi. Dasturxonga fotiha tortilgach, o'zi haqida, shaharga nega ketayotgani haqida so'zlay ketdi. Aytishicha, 3kun oldin kechasi peshonasidagi bittayu-bitta sigirini o'g'irlab ketishibdi. Qidirmagan joyi, murojaat qilmagan idorasi qolmabdi. Shaharga esa, mol bozoriga, sigirimni tanib, topib olarmikinman, degan umidda o'g'irlangan kundan beri har kuni qatnayotgan ekan. Tabiatan nohaqlikka chiday olmaydigan Sulton bularni eshitib, unga taskin berdi -da, uzr so'rab o'rnidan turib, xonasiga kirib ketdi. Avzoyini ko'rgan Murod ortidan kirdi.
—Tinchlikmi? Nima bo'ldi?
—Murod, biz taraflarda qachondan o'g'ri paydo bo'lib qoldi? Nega nochor oilalarning moliga ko'z olaytirishadi-yu, biz hech nima qilolmaymiz?
—Nima ham qila olardik, bu ishni qiladigan organ hodimlari borku.
—Murod, bu jinoyatchi zoti militsiyaga tutqich bermaslikning ming bir usulini biladi. Ular bilan o'zlarining uslubida kurashish kerak! Shunday qilaylikki, bu g'alamislar qayoqqa qocharini bilmay, qo'limizga tushaverishsin! Shunday qilaylikki, nomimizni eshitiboq, bu zo'ravonlar tum-taraqay bo'lishsin!
—Nimalar deyabsan o'zi? Nima qilmoqchisan?
—Nahotki, tushunmayabsan?!
—Tushunib turibman, lekin bu ish shoshma-shosharlik bilan qilinadigan ish emas.
—Men ham hoziroq borib hammasining kallasini olamiz, deyayotganim yo'q, o'ylaylik, nima qila olishimiz-u, nimaga qurbimiz yetmasligini aniqlab olaylik.
—Rosti, bu mushtumzo'rliklar mening ham xiqildog'imga kelgandi. Ma'qul, bo'lmasa. Men yaxshilab o'ylab ko'ray.
—Javobingni kutaman. Endi, ishimizni qilsak-a?
—Ho'p, xo'jayin, mana, ketyabman.
Ikkovlari baravariga kulib, bir-birlarining qo'llarini qattiq siqib olishdi. Ayni damda havfli, har qadamda ajal ta'qib qiladigan hayotga kirish ostonasida turganliklarini, o'zlarini qanday sarguzashtlar-u, qiyinchiliklar kutayotganini xayollariga ham keltirishmasdi. Chindan ham, keyinchalik bu ikki ayrilmas do'stlarning hayotlarini o'zgartirib yuboradigan qaror aynan shu kuni qabul qilingan edi...