вторник, 14 февраля 2017 г.

Qul

     "Meni unuting. Sizni boshqa sevmayman. Baxtli bo'ling."
     U sevgan qizidan kelgan bu smsni o'qib, hushidan ketay dedi. 3yildan beri internet orqali gaplashib, sevishib yurgan qizi birdaniga shu gaplarni aytsa-ya... Alam qildi. Yomon alam qildi. U bilan hech qachon ajralishmaymiz, doim gaplashib yuramiz, deb o'ylab, o'ylariga qattiq ishonib qolgan ekan. Bu 3yil ichida necha marotaba begona akkauntlardan yozib ko'rib, sinagan edi-ya, qancha sinovlardan o'tgan edi-ya...
     U eng yaqin do'sti bilan ko'rishib, dardini dasturxon qilgisi kelardi.  Shunday qilsam, yengil tortaman, deb o'ylardi. Shahd bilan ko'chaga chiqdi. Qayerga borishni bilmay turganida uyi oldidagi barga ko'zi tushdi-yu, do'stining oldiga bormaslikka qaror qildi. Bo'kkunimcha ichsam, yengil tortarman, deb o'yladi...
     Oradan bir qancha vaqt o'tib, soat kechki 11:00larga yaqinlashganda u g'irt mast holda barda o'tirardi. Negadir shuncha ichib ham yengil tortmadi, aksincha, kayfi oshgan sari battar ko'ngli buzila boshladi.
     —Sevgi degani shumi? Tupurdim bunaqa sevgiga. Hali ko'rsatib qo'yaman hammasiga.
     Shu holida bir-ikki marta rasmga tushib oldi. Ijtimoiy tarmoqdagi profilida
"Ichishgani sherik yo'qmi-ey", deb post qoldirgach, yana davom etdi.
     -Hammang bir pulsanlar. Mana, og'ir ahvoldaman. 1000dan ortiq kuzatuvchimning qaysi biri hol so'rayapdi? Hech qaysisi! Tfu, bunaqa do'stlikka.
     U tushunib yetdi. Do'stiga telefon qilib, ko'rishib, dardini aytmasa bo'lmas ekan. Yorilib ketish hech gapmas, aks holda. Do'stining raqamini terdi. Bir-ikki gudokdan keyin do'sti ulangach, yoniga chaqirdi.
     Do'sti yetib kelganida u yana bir shishani bo'shatib bo'lgandi.
     -Nima bo'ldi, tinchlikmi, o'rtoq?
     -Ee, tinchlikmas. Rasvo bo'ldi hammasi.
     U ahvolini bir boshdan tushuntira boshladi. Qanday tanishib, qancha gaplashganlarigacha, hammasini aytdi...
     -Shunaqa gaplar, o'rtoq. Senga yorilmasam bo'lmasdi. Sen mening eng yaqin do'stimsan. Iltimos, shu do'stligimiz hurmati yordam ber. Dardimni eshitding, hech narsani yashirmadim. Endi mening dardimga mos tushadigan biron gap topishib yubor, tvitterga yozay...

Hayotga qayting, O'rtoqlar!

1 комментарий: