Azamat uyqudan kayfiyati yomon holda uyg'ondi. Hech narsa, hatto telefoninong zaryadi 100%ligi ham yoqmasdi, ayni dam. Kechagi kunini hayotidagi eng yomon kuni, deb hisoblardi...
Barselona 0:1 Real Madrid. Nega ham yomon, demasin, axir sevimli jamoasi azaliy raqibiga o'z uyida mag'lub bo'ldi-ku. Bundan ortiq sharmandalik bo'lmasa kerak. Bu mag'lubiyat, bu kayfiyatsizlik orqasidan ishga ham borgisi kelmasdi. Kun bo'yi ishxonasidagi "Realchi"larning istehzoli qarashlari-yu, ilmoqli qochirim gaplariga, mazax qilib irshayishlariga chidab bo'ladimi? Chidab bo'lmaydi...
Telefoni jiringladi. Qarasa, hamkasbi, adashi Azamat. Yaqin do'sti. Yoshlikdan birga katta bo'lishgan. O'zi yaxshi bola-yu, bir chatog'i bor. Ashaddiy "Realchi". Turib-turib unga ham hayron qoladi, nima uchun Barselona turib, Realni tanlagan ekan-a, bu bola. O'zi sal g'alatiroq shu do'sti. G'alati bo'lmasa, shu klubni tanlarmidi? Tanlamasdi. Axmoqda, g'alatiligi bor-da!
Telefonni ko'tardi.
-Ha, adash, nima gap?
-Heheey, ishga borasanmi o'zi?
-Ketaver, o'zim boraman.
-Ha, mayli. Aytgancha, el-klassiko nima bo'ldi, ko'rolmay qolgandim. Barsa 3:0ga yutgandir, a? Kuchliku?
-Asabimni buzma. Bo'pti, ishda ko'rishamiz.
El-klassiko nima bo'ldi, emish. Ko'rgan, ko'rmay nima qilardi. Hali yana bir o'yin bor. O'shanda gaplasharman bu bilan.
Shunday xayollar bilan ishga yo'l oldi.
***
Azamat ertalabdan kayfiyati yo'q uyg'ondi. Nega kayfiyati yo'q bo'lmasin, axir sevimli jamoasi o'z uyida ashaddiy raqibiga 0:1 hisobida mag'lub bo'ldi-ku...
Telefoni jiringladi: hamkasbi, adashi Azamat...
hikoyadagi voqealar va qahramonlar to'qima, barcha o'xshashliklar tasodifiydur...