воскресенье, 28 мая 2017 г.

"Aduvvum-Mubiyn" (Ochiq dushman)

     Muborak Ramazon oyi. Barchamiz 11oy davomida qilgan gunohlarimiz yuvilishi, yangi tug'ilgan go'dakdek gunohsiz bo'lishimiz uchun ajoyib imkoniyat ustida turibmiz.
     "Kim Ramazon oyi ro'zasini ixlos bilan, savob umidida qoldirmay tutsa, o'tgan barcha gunohlari kechiriladi", mazmunida hadis bor. Bu imkoniyat bizga berilishining o'ziyoq aslida Allohning rahmati kengligidan dalolatdir. Bizning ochiq dushmanimiz Shaytoni la'inning kishanlanishi esa, bu imkoniyatdan foydalanishimiz uchun yana bir imkoniyatdir!
     Subhanalloh!
     Shaytonning bandi etilganini sezdingizmi hech, his qildingizmi?! Albatta, ko'zimizga ko'rinmagani uchun sezish mushkuldek tuyuladi. Ammo, yaxshilab e'tibor bersak, buni o'zimizda ko'rishimiz ham mumkin:
     ◆ Ertalab uydan chiqayotib, ba'zan esingizdan chiqib qoladigan "Bismillah"ni aytish esingizdan chiqmadimi?
     ◆ Odamlar bilan muloqot qilayotganingizda tilingiz g'iybat so'zlarni aytishdan bemalol tiyilyaptimi?
     ◆ Birov sizni bexos turtib ketsa, "hoy, falon-falon", deya haqorat qilmay, jimgina o'tib keta olyapsizmi?
     ◆ Savdo qilsangiz, halol qilishga urinyapsizmi?
     ◆ Baland ovozda gapirmaslikka harakat qilyapsizmi?
     ◆ Nomahram qiz-ayollarga ko'z tushganda ko'zingizni bemalol olib qocha olyapsizmi?
     ◆ Foydasi bo'lmagan narsani gapirmay qo'ydingizmi?
     ◆ Jahlingiz chiqqanda ro'zadorligingiz esga tushyapdimi?
     ◆ Ko'nglini og'ritgan, xafalashgan kishingizdan birinchi bo'lib uzr so'rashni xayoldan o'tkazyapsizmi?
     ◆ E'tibor bering-a, ko'proq nimani o'ylayapsiz, orzu-havas tashvishinimi, yoki ro'zangiz buzilmasdan iftorlikka yetib olishnimi?
     Boshqa oylarda bo'lganimizda aksini qilishimiz ko'proq ehtimolga yaqin bo'lgan bu misollar bizga Shaytonning zanjirband etilganini bildirmaydimi? Biz aslida shundaymiz, yil o'n ikki oy davomida shundayligimizcha qolishimiz ham mumkin. Hammasi o'z qo'limizda, zotan, shayton hech kimni qurol tirab majburlay olmaydi!
     Subhanalloh! Yana bir bor, cheksiz Subhanalloh-ki, bizga berilgan har bir imkoniyat uni bajarishimiz uchun qulayliklar bilan taqdim qilinyapti! Bizdan faqat "Labbay, Robbim!" deya bu imkoniyatlardan foydalanish qolyapti xolos. Keling, ochiq dushmanimiz kishanband etilganidan foydalanib qolaylik!
     Barchamizga Mohi Ramazondan gunohlardan poklangan holda chiqishimizni O'zi nasib etsin!
     Assalomu alaykum va rohmatullohu va barokatuh...

Комментариев нет:

Отправить комментарий